SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Putin: Rossiya - Xitoy do'stligi hech kimni nishonga olmagan
Vladimir Putin Xitoyga uyushtirgan rasmiy tashrifi oldidan Moskva bilan Pekin o‘rtasidagi munosabatlarni baholadi.
Putin: Rossiya - Xitoy do'stligi hech kimni nishonga olmagan
_

Rossiyaning davlat axborot agentligi TASS tarqatgan bayonotlarga ko‘ra Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin Xitoyga uyushtirgan rasmiy tashrifi oldidan Moskva bilan Pekin o‘rtasidagi munosabatlarni baholar ekan, uni «misli ko‘rilmagan darajaga» yetgani va ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik «hech kimni nishonga olmaganini» ta’kidladi.

Seshanba kuni (19.05.2026) Pekinga uyushtirilgan safari oldidan e’lon qilingan video murojaatida Vladimir Putin Rossiya bilan Xitoy siyosat, iqtisodiyot, mudofaa hamda gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qat’iy bel bog‘laganini ifoda etdi.

Putin mavzu haqida: «Bizning do‘stligimiz hech kimni nishonga olmagan», - dedi va ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar «o‘zaro tushunish va ishonch»ga; shuningdek mustaqillik va davlat birligi kabi bir - birining asosiy manfaatlarini qo‘llab - quvvatlashga asoslanganini o‘z so‘ziga ilova etdi.

Vladimir Putin Xitoy Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan Pekinga yo‘l olayotgani, Si Szinpinni «uzoq yillik yaxshi do‘st» deb bilishi hamda muntazam yuqori darajadagi aloqalar ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Rossiya rahbarining aytishicha, ikki davlat 25 yil avval «Yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona hamkorlik shartnomasi»ni imzolaganidan buyon «haqiqiy strategik munosabatlar va keng ko‘lamli sheriklik»ni shakllantirgan.

Putin mavzu haqida: «Munosabatlarning o‘ziga xos xususiyati o‘zaro tushunish va ishonch muhitida, manfaatli va adolatli hamkorlikni davom ettirish majburiyatida, hurmatga asoslangan muloqotni olib borishda hamda mustaqillik va davlat birligini himoya qilishni o‘z ichiga olgan holda har ikki mamlakatning asosiy manfaatlariga taalluqli masalalarda bir - birini qo‘llab - quvvatlashda namoyon bo‘ladi» - dedi.

Putin iqtisodiy hamkorlikni ham maqtab, ikki tomonlama savdo hajmi 200 milliard dollardan oshgani va hisob - kitoblar endilikda «deyarli to‘liq rubl va yuan» orqali amalga oshirilayotganini qayd etdi.

U o‘zaro vizasiz tartib joriy etilganini mamnuniyat bilan qarshi olganini bildirib, bu qadam turizm, xizmat safarlari va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni jonlantirishini ta’kidladi.

Putin, Moskva, Xitoy tarixi va madaniyatiga katta ahamiyat berishi hamda ikki davlat o‘rtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirishni maqsad qilganini qo‘shimcha qildi.