Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya “diplomatiyaga tayyor bo‘lsa”, Kiyev “yaqin kelajakda” Ozarbayjonda uch tomonlama tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Zelenskiy, Rossiyaning “bu adolatsiz urushni tugatish uchun kuch topishi” Ukraina uchun “juda muhim” ekanini ta’kidladi.
Zelenskiy: “Albatta, hamkorlarimizning bu jarayonda o‘rtamchilik qilishdagi rolini juda qadrlaymiz”, - dedi va Aliyev bilan tinchlik sa’y - harakatlarini muhokama qilganini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Zelenskiy, Ozarbayjon shimolidagi Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xavfsizlik hamda boshqa sohalarni qamrab olgan oltita hujjat imzolanganini bildirdi. Ukraina Yaqin Sharqdagi urush fonida Kiyevning dronlar (UAV) sohasidagi tajribasini ulashishni maqsad qilmoqda.
Zelenskiy ikki mamlakat mudofaa sanoatini birgalikda rivojlantirishga oid kelishuvlarni “juda jiddiy qadam” deb atadi.
Ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyev bilan birga gapirgan Zelenskiy, ukrainalik dron mutaxassislari Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan va Rossiyaning janubi bilan chegaradosh bo‘lgan sobiq Sovet respublikasi — Ozarbayjonda allaqachon faoliyat yuritayotganini ifoda etdi.
Mart oyining boshida Erondan uchirilgan dronlar Ozarbayjondagi bir aeroportga zarba berib, maktab yaqinida portlagan va to‘rt kishini yaralagan edi. Bu esa mojaroning Kavkaz mintaqasiga ham yoyilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirgan.
Shundan beri Boku va Tehron o‘rtasidagi sovuq munosabatlar yanada yomonlashdi.
Aliyev Kiyev va Boku o‘rtasida “jiddiy hamkorlik” mavjudligini va bu tashrif davomida yana bir bor tasdiqlanganini aytdi.
Ozarbayjon Prezidenti ikki yetakchi hozirda 500 million dollardan oshgan o‘zaro savdo hajmini oshirish masalasini ham muhokama qilganini bildirdi.
Aliyev siyosiy muloqotdan tashqari tomonlar energetika sohasidagi hamkorlikni ham ko‘rib chiqqanini qo‘shimcha qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari vositachiligida Rossiya va Ukraina o‘rtasida bir necha bor tinchlik muzokaralari o‘tkazilgan edi, biroq Eron bilan bog‘liq mojaro bu jarayonni to‘xtatib qo‘ydi.
Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlar 2024 - yili bir Ozarbayjon yo‘lovchi samolyoti tasodifan Rossiyaning zenit raketasi bilan urib tushirilgani va 38 kishining halok bo‘lgani ortidan so‘nggi bir yil ichida sovuqlashgan edi.













