Pokistondagi tinchlik muzokaralarida Eron delegatsiyasiga boshchilik qilgan Eron parlamenti spikeri Muhammad Bagher Galibaf, AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan strategik Ho‘rmuz bo‘g‘oziga dengiz blokadasi joriy etish buyrug‘i berilishi ortidan mamlakati tahdidlarga taslim bo‘lmasligini ma’lum qildi.
Eron axborot agentliklariga ko‘ra Islomoboddan Tehronga qaytish chog‘ida jurnalistlarga intervyu bergan Galibaf mavzu haqida shunday dedi: “Urushmoqchi bo‘lsalar — urushamiz, mantiq bilan kelsalar — mantiq bilan javob beramiz. Hech qanday tahdidga bo‘yin egmaymiz; irodamizni yana bir bor sinab ko‘rishsin, ularga bundan ham kattaroq saboq beramiz”.
“Yaxshi niyat ko‘rsatdik, konstruktiv takliflar berdik”
Eron davlat OAVlariga ko‘ra Galibof, Tehron tomonidan yaxshi niyat belgisi sifatida taqdim etilgan yaxshi tashabbuslar AQSh bilan muzokaralarda oldinga siljishga yordam berganini ifoda etdi. Ikki tomon o‘rtasidagi chuqur ishonchsizlikka qaramay Eronning konstruktiv takliflari muzokaralarni rivojlantirganini ta’kidlagan Galibof, Trampning so‘nggi ogohlantirishlarini “samarasiz” deb baholar ekan, bunday tahdidlar Eron xalqiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini ovz so‘ziga ilova etdi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida keskinlik ortmoqda
Tramp Islomobaddagi muzokaralar vaqtida Eronning yadroviy dasturdan voz kechishni rad etishini “o‘jarlik” deb baholab, Ho‘rmuzga dengiz blokadasi joriy etish buyrug‘ini bergan edi. U AQSh Harbiy - dengiz kuchlariga xalqaro suvlarda bo‘g‘ozdan o‘tish uchun Eronga to‘lov qilayotgan barcha kemalarni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Tramp, AQSh kuchlari ushbu strategik suv yo‘lida Eron tomonidan qo‘yilgan minalarni yo‘q qilishni boshlashini bildirdi hamda AQSh yoki tijorat kemalariga o‘t ochgan har qanday eronlik “og‘ir jazoga duch kelishini” ta’kidladi.
Muzokaralar nega to‘xtab qoldi?
Eron bilan AQSh Islomobadda kelishuvga erisha olmadi, biroq hozircha to‘g‘ridan - to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv yuz bermadi. Dunyo yetakchilari har ikki tomonni ham diplomatiya yo‘lini tanlashga chaqirmoqda. Eron va AQSh manbalariga ko‘ra tomonlar ikki asosiy masalada kelisha olmayapti: birinchisi — Ho‘rmuz ustidan nazorat kimda bo‘lishi; ikkinchisi — yadroviy dastur, ya’ni ehtimoliy kelishuv doirasida Tehron uranni boyitish huquqiga ega bo‘ladimi - yo‘qmi masalasi.











