G'AZODA URUSH
2 daqiqa o'qish
G‘azoda un yetishmovchiligi keskin tus olar ekan yetkazib berishlar ham kamaydi
Rasmiylar, Isroil, un ta’minotini cheklash orqali G‘azoda «rejalashtirilgan och qoldirish» siyosatini kuchaytirayotganiga e'tibor qaratmoqda.
G‘azoda un yetishmovchiligi keskin tus olar ekan yetkazib berishlar ham kamaydi
_
11 соат олдин

G‘azo hukumati Media Ofisi yakshanba kuni (12.04.2026) bergan bayonotida hududning kuniga taxminan 450 tonna unga ehtiyoji borligini, biroq hozirda atigi 200 tonna atrofida un mavjud ekanini ma’lum qildi.

Ofis Isroil un ta’minotini cheklash orqali G‘azoda «rejalashtirilgan och qoldirish» siyosatini kuchaytirayotganini ta’kidladi.

Bayonotda qayd etilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuniga 600 ta yuk mashinasi orqali insonparvarlik yordami kiritilishiga ruxsat bergan. Biroq shunga qaramay, Isroil G‘azoga genotsid urushi boshlanishidan oldingi ta’minot darajasining atigi 38 foiziga ruxsat bermoqda.

Inqiroz World Central Kitchen tashkilotining un yetkazib berishni to‘xtatishi ortidan yanada og‘irlashgani qayd etildi. AQShda joylashgan ushbu yordam tashkiloti avval kuniga 20 – 30 tonna un yetkazib bergan. World Food Programme esa kundalik yetkazib berishni 300 tonnadan 200 tonnagacha kamaytirgan. Ayrim boshqa tashkilotlar ham hududga non va un dasturlarini to‘xtatgani bildirildi.

G‘azoda 2,4 million aholining taxminan 1,9 millioni o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Isroilning ikki yildan beri davom etayotgan urushi davomida uylari vayron bo‘lgan bu insonlar hozirda yomon ahvoldagi chodirlarda og‘ir sharoitlarda hayot kechirmoqda.

O‘tgan 2025 - yilning 10 - oktabrida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay Isroil oziq - ovqat, tibbiy vositalar va boshpana jihozlari kabi kelishilgan gumanitar yordam darajasiga ruxsat bermayotgani sababli yashash sharoitlari sezilarli darajada yaxshilanmagan.

Isroilning G‘azoda olib borayotgan genotsidi natijasida hozirgacha 72 ming nafardan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, taxminan 172 ming kishi jarohatlangan, harbiy bo‘lmagan yoki tinch aholi infratuzilmasining qariyb 90 foizi vayron qilingan.