Jahon atrof - muhitni muhofaza qilish kuni (5 - iyun) munosabati bilan tayyorlangan tahlilga ko‘ra qayta tiklanuvchi energiya manbalarining keng joriy etilishi nafaqat energiya ta’minoti xavfsizligi, balki ekologik barqarorlik nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Turkiya so‘nggi yillarda shamol va quyosh energetikasi sohasida amalga oshirilgan investitsiyalar hisobiga qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini izchil ravishda oshirib bormoqda.
O‘rnatilgan quvvatning ortishi elektr energiyasi ishlab chiqarishda mahalliy va ekologik toza manbalar ulushining ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, energiya transformatsiyasi maqsadlari doirasida sohaning texnologik va ishlab chiqarish infratuzilmasi ham rivojlanmoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya uskunalari ishlab chiqarish markaziga aylanish maqsadi
Xalqaro qayta tiklanadigan energiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra Turkiya 2020 - yili 49 ming 195 megavattni tashkil etgan umumiy qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 2025 - yil oxiriga kelib 55 foizga oshirib, 76 ming 300 megavattga yetkazdi.
Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra mamlakatdagi 408 ta shamol elektr stansiyasi va 40 ming 457 ta quyosh elektr stansiyasi elektr energiyasi ishlab chiqarishga ulkan hissa qo‘shmoqda. 2 - iyun holatiga ko‘ra, ushbu ikki manbaning umumiy o‘rnatilgan quvvati 41 ming 944 megavattga yetgan.
Turkiyada shamol energetikasi quvvati 2005 - yilda atigi 20 megavatt bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 15 ming 105 megavattdan oshdi.
2025 - yili ishlab chiqarilgan 393 milliard kilovatt - soat elektr energiyasining 10,9 foizi shamol elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Quyosh energetikasi esa so‘nggi 13 yil ichida 26 ming 839 megavatt o‘rnatilgan quvvatga erishdi. Yil oxiriga borib quyosh energiyasining umumiy o‘rnatilgan quvvatdagi ulushi rekord darajaga chiqishi kutilmoqda.
Turkiya muhim ishlab chiqarish markaziga aylanmoqda
Bugungi kunda Turkiya shamol va quyosh energetikasi sohasida nafaqat yirik bozor, balki muhim ishlab chiqarish markazi sifatida ham e’tirof etilmoqda.
Shamol energetikasi bo‘yicha mamlakatdagi korxonalarda minoralar, parraklar, generatorlar, uzatmalar qutilari va ko‘plab yordamchi uskunalar ishlab chiqarilmoqda. Ushbu mahsulotlarning yirik qismi, avvalo Yevropa davlatlariga, shuningdek boshqa ko‘plab mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Quyosh energetikasi sohasida esa Turkiya uzoq yillardan buyon quyosh panellari ishlab chiqarishda kuchli mavqega ega. So‘nggi investitsiyalar natijasida quyosh elementlari (hujayralar) va vayfer ishlab chiqarish yo‘nalishlarida ham sezilarli yutuqlarga erishildi.
Shu tariqa, Turkiya faqat panel yig‘ish bilan cheklanib qolmay, quyosh texnologiyalarining yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarish bosqichlariga ham o‘tmoqda.




















