DUNYO
2 daqiqa o'qish
COP31 boshlanmoqda: yetakchilar iqlimni himoya qilish choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda
Qariyb 200 mamlakat delegatlari qazilma yoqilg‘ilardan voz kechish borasidagi sa’y-harakatlarni jonlantirishga qaratilgan yo‘l xaritasini belgilash uchun Turkiyaning janubidagi sayyohlik shahri Antaliyada yig‘ildi.
COP31 boshlanmoqda: yetakchilar iqlimni himoya qilish choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda
Место проведения 31-ой Конференции сторон Рамочной конвенции ООН об изменении климата (COP31), Анталья, АА

Issiqxona gazlari chiqindilarining yuqoriligi, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni ikkinchi o‘ringa surib qo‘yishi mumkin bo‘lgan urushlar va inflatsiya kabi global muammolar davom etayotgan bir paytda, qariyb 200 mamlakat delegatlari COP31 iqlim sammiti uchun Turkiyaning Antaliya shahrida to‘plandi.

Vayronkor toshqinlar, jazirama to‘lqinlari va iqlim bilan bog‘liq boshqa ofatlar kuzatilgan bir yildan so‘ng, dunyo yetakchilari global isishni jilovlashga qaratilgan aniq choralar yuzasidan kelishuvga erishish uchun chorshanba kuni rasmiy muzokaralarni boshlaydi.

Muzokarachilar global energiya iste’molida elektr energiyasining ulushini oshirish va qazilma yoqilg‘ilardan voz kechish jarayonidagi sa’y-harakatlarni jonlantirishga qaratilgan yo‘l xaritasi ustida ishlamoqda.

Anjumanda nutq so‘zlashi kutilayotganlar orasida o‘tgan yilgi iqlim konferansiga mezbonlik qilgan Braziliyaning oktabr oyi oxirida qayta saylangan prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Xitoy raisi o‘rinbosari Xan Chjen va Marshall orollari prezidenti Hilda Xayn bor.

AQShning sobiq davlat kotibi va prezidentning iqlim masalalari bo‘yicha sobiq maxsus vakili Jon Kerri: «Bizga ko‘proq gap emas, rejalar kerak», — dedi.

Urush sharoiti benzin, neft, shuningdek, o‘g‘it va pestitsid kabi neftdan olinadigan mahsulotlarning jahon bozoridagi narxlarini oshirib, hukumatlarni energetika siyosatini qayta ko‘rib chiqishga hamda shamol va quyosh energiyasi kabi qayta tiklanuvchi manbalarga sarmoya kiritishga undadi.

COP31 raisi, Turkiya atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum konferensiyaning iqlim bo‘yicha harakatlar dasturi 2035-yilgacha chiqindilarni 25–30 foizga kamaytirishni maqsad qilganini bildirdi. Kurum iqlim bo‘yicha majburiyatlar bajarilmasa, dunyo bo‘ylab toshqinlar, o‘rmon yong‘inlari va bo‘ronlar kabi keskin ob-havo hodisalari yanada kuchayishidan ogohlantirdi.

Moliyalashtirish masalasiga to‘xtalgan Afrika muzokarachilari guruhi raisi Antvi-Boasiako Amoa Antaliyada COP31 doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida boy davlatlar harbiy aralashuvlar yoki energetika xavfsizligi uchun bir kechada mablag‘ topa olishini, biroq iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga xuddi shunday ustuvor ahamiyat bermayotganini ta’kidladi.

Rivojlangan mamlakatlarni iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga chaqirgan Amoa: «Bizning tushunishimizcha, pul bor, ammo iqlim uchun pul yo‘q. Farq aynan shunda, chunki harbiy aralashuvlar uchun bir kechada pul topa olishadi», — dedi.