UNESCOning Jahon merosi ro‘yxatidan o‘rin olgan Hierapolis (Pamukkale) qadimiy majmuasi Qurbon hayiti ta’tili kunlarida rekord natijani qayd etdi. Hayitning uchinchi kuni (29 – mayda) mazkur maskanga 21 ming 192 nafar sayyoh tashrif buyurib, bir kunlik tashrif bo‘yicha barcha davrlarning eng yuqori ko‘rsatkichi yangilandi.
Oq travertinlari, qadimiy hovuzi va Hierapolis shahri bilan dunyoga mashhur bo‘lgan Pamukkale Turkiyaning eng muhim sayyohlik markazlaridan biri sanaladi. Viloyat Madaniyat va turizm boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra 9 kunlik Qurbon hayiti ta’tili davomida bu betakror maskanga jami 97 ming 177 nafar mehmon tashrif buyurdi.
Ta’til kunlari orasida eng yirik tashrif oqimi 29 - may kuni kuzatildi. Shu tariqa Pamukkale tarixida bir kunda eng ko‘p mehmon qabul qilingan kun sifatida yangi rekord o‘rnatildi.
Joriy yilning dastlabki besh oyida esa Pamukkaleni ziyorat qilganlar soni 625 ming 199 nafarga yetdi.
Mutaxassislar yozgi turizm mavsumining boshlanishi va xorijiy sayyohlar oqimining ortishi bilan hududdagi sayyohlik faolligi yanada kuchayishini kutmoqda.
Turkiya Mehmonxonachilar federatsiyasi (TÜROFED) raisi o‘rinbosari Gazi Murat Shen mazkur natijalar Pamukkalening xalqaro miqyosdagi jozibadorligini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidladi.
Murat Shen mavzu haqida: «Pamukkale – Hierapolis qadimiy majmuasi bayram kunlarida bir sutkada eng ko‘p mahalliy va xorijiy mehmon qabul qilish bo‘yicha barcha rekordlarni yangiladi. 21 mingdan ortiq tashrif buyuruvchining kelgani Pamukkalening nafaqat Turkiya, balki dunyoning eng muhim sayyohlik yo‘nalishlaridan biri ekanini ko‘rsatadi. Bu maskan tarixiy meros, tabiiy go‘zalliklar, termal va sog‘lomlashtirish turizmi, ziyorat turizmi, havo sharlarida sayohat hamda paraplan sporti kabi ko‘plab imkoniyatlarni o‘zida jamlagan. 1 - iyundan tungi muzey dasturi ham yo‘lga qo‘yilgani sababli mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimi yanada ortishini kutyapmiz. Maqsadimiz, 2026 - yilni avvalgi yillardagidan ham yuqori tashrif ko‘rsatkichlari bilan yakunlash» - degan ifodalarga o‘rin berdi.





















