Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegi Falastinga xalqaro yordam koʻrsatish jarayoni kengayishda davom etishiga "katta" umid bildirdi hamda "Falastindagi barqarorlik ikki davlat tamoyiliga asoslangan yechimni amalga oshirish uchun juda zarur", deya taʼkidladi.
Davlat telekanali NHKning payshanba kuni xabar berishicha, Motegi bu soʻzlarni Filippinning Manila shahrida chorshanba kuni boʻlib oʻtgan Falastinni rivojlantirish boʻyicha Sharqiy Osiyo mamlakatlari hamkorlik konferensiyasi (CEAPAD) vazirlar uchrashuviga raislik qilish chogʻida aytib oʻtdi.
CEAPAD mexanizmi 2013-yilda Yaponiya tashabbusi bilan Falastinga koʻmak berish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan. Yigʻilishda Falastin Milliy Maʼmuriyati hamda Sharqiy Osiyo mamlakatlari vakillari ishtirok etishdi.
Uch tomonlama hamkorlik
CEAPADning ahamiyatini alohida taʼkidlar ekan, Motegi ushbu mexanizm oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda kadrlarni tayyorlash orqali Falastin davlatining shakllanishiga munosib hissa qoʻshishi mumkinligini bildirdi. U misol tariqasida sogʻliqni saqlash, taʼlim, qishloq xoʻjaligi va turizm kabi sohalarda mutaxassislarni tayyorlashni koʻrsatib oʻtdi.
Motegi, shuningdek, hamkor davlatlar oʻzlarining ustuvor va kuchli jihatlaridan kelib chiqqan holda Falastinni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida birgalikda harakat qiladigan uch tomonlama hamkorlikning muhimligini qayd etdi.
Yaponiya har doim ikki davlat tamoyiliga tabanlangan yechimni qoʻllab-quvvatlab keladi, ammo rasman Falastin davlatini tan olmagan. Tokio bu masalada tegishli vaqt va maqbul usulni baholayotganini maʼlum qilgan.
Tokio 1993-yildan buyon falastinliklarga jami 2,8 milliard dollar miqdorida yordam koʻrsatgan boʻlsa, shundan taxminan 410 million dollari 2023-yilning oktyabr oyidan beri taqdim etilgan gumanitar koʻmak ulushiga toʻgʻri keladi.





















