Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH va Isroilning Erondagi yoqilg‘i obyektlariga uyushtirgan hujumlari atmosferaga 1,5 million tonna karbonat angidrid gazi chiqishiga hamda keng ko‘lamli ekologik vayronagarchilikka sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Chorshanba kuni Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan BMTning COP31 iqlim sammitida nutq so‘zlagan Pezeshkiyon Asaluyedagi yoqilg‘i obyektlariga qilingan hujumlar 500 ming tonna karbonat angidrid chiqishiga olib kelganini bildirdi. Tehron yaqinidagi yoqilg‘i saqlash rezervuarlariga uyushtirilgan hujumlar esa yana bir million tonna karbonat angidrid tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Isroil hujumlari 7-mart kuni Tehrondagi neft saqlash obyektlarini, 18-mart kuni esa Eron janubidagi Asaluye shahrida joylashgan gazni qayta ishlash korxonalarini nishonga olgan edi. Eron Prezidenti 28-fevralda boshlangan harbiy harakatlar davomida Vashington va Tel-Avivni jiddiy ekologik halokat keltirib chiqarganlikda aybladi.
Pezeshkiyon ushbu hujumlar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlar bilan infratuzilmani vayron qiluvchi, keng ko‘lamli yong‘inlarni keltirib chiqaruvchi va atmosferaga zararli moddalar tarqatuvchi harbiy operatsiyalar o‘rtasidagi ziddiyatni yaqqol namoyon etganini ta’kidladi.
Isroilning G‘azodagi harbiy operatsiyalarini ham qoralagan Pezeshkiyon hududning infratuzilmasi, suv resurslari va ekotizimlari yo‘q qilingani sababli gumanitar va ekologik falokat yuzaga kelganini qayd etdi.
Xalqaro darajada javobgarlikka tortish chaqirig‘i
Eron Prezidenti, shuningdek, Erondagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va ekologiya xodimlari joylashgan stansiyalarga qilingan hujumlar tabiiy resurslarga zarar yetkazganini va kelajak avlodlarga tahdid solayotganini aytdi.
Xalqaro miqyosda javobgarlikka tortishga chaqirgan Pezeshkiyon tegishli tashkilotlardan AQSH va Isroilning Eron hamda G‘azodagi harbiy operatsiyalari oqibatida yuzaga kelgan ekologik zararni hujjatlashtirishni va tovon puli (kompensatsiya) mexanizmlarini yaratishni talab qildi.
Eronning qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi yutuqlariga ham to‘xtalib o‘tgan Pezeshkiyon mamlakatda o‘rnatilgan quvvat so‘nggi ikki yil ichida 1 250 megavattdan 6 150 megavattdan yuqori darajaga ko‘tarilganini ma’lum qildi. Eron Prezidenti keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Eron 2026-yilda 4,5 milliard kilovatt-soatdan ortiq toza elektr energiyasi ishlab chiqarib, 2,5 million tonna karbonat angidrid chiqishining oldini olgan.
Tinchlik va atrof-muhitni muhofaza qilish bir-biridan ajralmas ekanini urg‘ulagan Pezeshkiyon Yerni asrab qolish uchun barqaror tinchlik zarurligini ta’kidladi.
AQSH va Isroil amalga oshirgan hujumlar ko‘plab insonlarning halok bo‘lishiga va infratuzilmaning vayron bo‘lishiga olib kelgan urush boshlanishiga sabab bo‘lgan edi. O‘shandan buyon mintaqaviy vositachilar ishtirokidagi diplomatik sa’y-harakatlar orqali mojarolarga barham berishga urinilmoqda.
Turkiya 9–20-noyabr kunlari O‘rta yer dengizi sohilidagi Antaliya kurort shahrida chiqindilarni kamaytirish, iqlimga moslashish va moliyalashtirish masalalarini muhokama qilish uchun jahon yetakchilari hamda iqlim bo‘yicha muzokarachilarni birlashtirgan BMTning COP31 iqlim konferensiyasiga mezbonlik qilmoqda.























