Turkiya bilan AQSh o‘rtasida yadroviy energetika sohasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Energetika va tabiiy resurslar vazirligi bayonotiga ko‘ra, yangi atom elektr stansiyalari loyihalarini ishlab chiqishga mas’ul Turkiya Yadroviy energiya aksiyadorlik kompaniyasi — TUNASH hamda AQSh Savdo va taraqqiyot agentligi — USTDA qo‘shma loyiha ishlab chiqadi.
Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Birlashgan Millatlar Tashkiloti — BMT 81-Bosh assambleyasida qatnashish uchun bo‘lib turgan Nyu-York shahrida Turkiya va AQSh o‘rtasidagi yadroviy hamkorlikning yangi poydevori qo‘yildi.
TUNASH va USTDA o‘rtasida loyihaga asoslangan kelishuv imzolandi. Turkevida o‘tkazilgan imzolash marosimida Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar ishtirok etdi. Hujjatni TUNASH bosh direktori Nejati Yamach va USTDA direktori o‘rinbosari Thomas Hardy imzoladi.
Kelishuv doirasida AQShning 4 kompaniyasiga tegishli kichik modulli reaktor — SMR loyihalari hamda Amerika kompaniyalarining 5 xil to‘rtinchi avlod reaktori loyihasi texnik, iqtisodiy, huquqiy va litsenziyalash jihatidan baholanadi.
Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar NSosyal sahifasidagi bayonotida AQShdagi uchrashuvlari doirasida TUNASH va USTDA o‘rtasida kichik modulli hamda to‘rtinchi avlod reaktorlariga doir grant kelishuvini imzolash marosimida qatnashganini bildirdi.
Bayraktar shunday dedi:
“Biz guvoh bo‘lgan ushbu kelishuv tufayli yangi avlod yadroviy texnologiyalarining mamlakatimiz uchun texnik, iqtisodiy va huquqiy jihatdan qo‘llanish imkoniyatlarini har tomonlama baholaymiz. 2053-yilgacha sof nol emissiyaga erishish va energetika sohasida to‘liq mustaqillikni ta’minlash maqsadlarimiz asosida energiya manbalarimizni diversifikatsiya qilishga qat’iy qaror qilganmiz. Yirik atom elektr stansiyalarimiz bilan birga, mamlakatimiz ehtiyojlariga eng mos muqobil variantlarni sinchkovlik bilan o‘rganib, kuchli va zamonaviy energetika infratuzilmasini barpo etishni qat’iyat bilan davom ettiramiz”.
Bayraktar o‘tgan yilning 25-sentabrida Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an va AQSh prezidenti Donald Trumpning Oq uyda o‘tkazgan uchrashuvida AQSh davlat kotibi Marco Rubio bilan birgalikda Strategik fuqarolik yadroviy hamkorligi to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzolagan edi.






















