Qo‘shma Shtatlar Kanadadan import qilinadigan sut mahsulotlari, aksariyat alkogolli ichimliklar va mototsikllarni taqiqlashga qaror qildi. Oq uy ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi savdo mojarosi keskinlashayotgan bir paytda ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
Ushbu taqiq uch hafta ichida kuchga kiradi. Bu chora Kanada seshanba kuni AQSh importiga 20 milliard dollarlik javob tariflarini joriy etish haqida qaror qabul qilganidan keyin amalga oshirilmoqda.
AQSh Prezidenti Donald Tramp, shuningdek, Kanada mahsulotlarini AQSh hukumatining yirik va uzoq muddatli shartnomalaridan (tenderlaridan) chiqarib tashlash choralarini ko‘rdi. U Umumiy xizmatlar ma’muriyatiga (GSA) Ottava tomonidan "amerikalik mahsulotlar uchun to‘liq va adolatli o‘zaro tenglik" ta’minlanmaguncha, Kanada tovarlarini davlat xaridlari uchun nomuvofiq deb e’lon qilishni buyurdi.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni o‘z hukumatining javob choralarini himoya qilib, mamlakatning keng qamrovli strategiyasi iqtisodiy mustaqillikka qaratilganini ta’kidladi: "Bu hech bir mamlakat bizni garovga ololmasligini ta’minlash va o‘zimiz xohlagandek yashash huquqimizni himoya qilish demakdir".
Mazkur keskinlashuv ikki tarixiy ittifoqchi o‘rtasidagi munosabatlarni izdan chiqardi. 22-avgust kuni Vashington Kanadadan import qilinadigan tovarlarning qariyb 5 foiziga 50 foizlik tariflar joriy etgan va Ottavani AQShning sut, alkogol va avtomobil sanoatiga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lishda ayblagan edi.
Ottava savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilmoqda
Mark Karni ushbu nizo qisqa muddatli uzilishlarga olib kelishini tan oldi, biroq bu holat ichki investitsiyalarni jadallashtirish va global savdoni diversifikatsiya (xilma-xil) qilishga turtki berishini aytdi.
Hozirda Kanada eksportining 70 foizdan ortig‘i AQShga yo‘naltirilganini ta’kidlagan Karni, boshqa mamlakatlarga jo‘natiladigan tovarlar hajmi keyingi o‘n yil ichida ikki barobarga oshishini prognoz qildi.
"Bu oson biznes edi, lekin u bizni bitta iqtisodiy hamkorga haddan tashqari bog‘lab qo‘ydi. O‘sha davr tugadi", — dedi Karni.
Bosh vazirning qayd etishicha, Vashington teng huquqli sheriklik o‘rniga tarkibiy bo‘ysunishni talab qilgani, shuningdek, madaniy himoya choralari hamda avtomobil, po‘lat va o‘rmonchilik kabi asosiy sanoat tarmoqlarida imtiyozlar so‘ragani sababli muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Ottavaning qarshi tariflari po‘lat, alyuminiy, pishloq, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikasi kabi yuzlab AQSh tovarlariga 15 foizdan 50 foizgacha bo‘lgan stavkalarda ta’sir qiladi.
Kanadalik mulozimlardan biri Ottava Yevropa Ittifoqi bilan yaqinroq iqtisodiy aloqalarni o‘rganayotganini tasdiqladi. Karni kelgusi hafta Yevropa Parlamentida nutq so‘zlashi rejalashtirilgan.
Hozircha har ikki poytaxt ham yon berishga tayyor emasdek ko‘rinmoqda. AQShning sobiq savdo rasmiysi Vendi Katlerning fikricha, Karnining mamlakat ichidagi qo‘llab-quvvatlov reytingi 70 foizdan oshgani sababli, hech bir tomon muzokaralarda zaif bo‘lib ko‘rinishni va birinchi bo‘lib chekinishni xohlamaydi.



















