Yetakchi insonparvarlik yordam tashkilotlarining yangi hisobotiga ko‘ra Sudanda millionlab inson kuniga atigi bir mahal ovqat bilan hayot kechirmoqda va tobora chuqurlashib borayotgan oziq - ovqat inqirozi mamlakatni ocharchilik yoqasiga yetaklamoqda.
Sudan armiyasi bilan harbiylashgan Tezkor yordam kuchlari o‘rtasida uchinchi yiliga kirayotgan urush mamlakatda qishloq xo‘jaligini izdan chiqardi, millionlab insonni o‘z uy - joyini tark etishga majbur qildi va dunyodagi eng og‘ir insonparvarlik inqirozlaridan birini yanada kuchaytirdi.
Hisobotga ko‘ra Shimoliy Darfur va Janubiy Ko‘rdo‘fan kabi urushdan eng ko‘p ziyon ko‘rgan hududlarda oilalar bir necha kunlab ovqat yemay yashamoqda; tirik qolish uchun barglar va chorva ozuqasini iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda.
Ocharchilik xavfi ortmoqda
Insonparvarlik yordam tashkilotlari inqiroz faqatgina mojaro natijasi emasligini, balki fermer xo‘jaliklari va bozorlarga ataylab ziyon yetkazilishi bilan ham chuqurlashganini ta’kidlamoqda. Bu esa ochlik urushda qurol sifatida qo‘llanilayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Sudan aholisining taxminan uchdan ikki qismini tashkil etuvchi 28 milliondan ortiq inson hozirda jiddiy oziq - ovqat yetishmovchiligi sharoitida yashamoqda; mamlakatning ayrim hududlarida esa ocharchilik holati allaqachon tasdiqlangan.
Borgan sari ko‘payib borayotgan dalillarga qaramay Sudan hukumati ocharchilik borligini inkor etmoqda, raqib kuchlar esa o‘z nazoratidagi hududlardagi vaziyat uchun mas’uliyatni tan olmayapti.
Eng ko‘p ziyon ko‘rayotganlar — ayollar va bolalar
Inqiroz ayniqsa ayollar va bolalarga og‘ir ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayollar boshchiligidagi oilalarda oziq - ovqat tanqisligiga duch kelish ehtimoli uch barobar yuqori. Bundan tashqari, ayollar oziq - ovqat yoki suv topishga urinayotgan paytda zo‘ravonlikka duch kelmoqda.
Shu bilan birga, moliyalashtirishning qisqarishi insonparvarlik yordamlarini cheklab qo‘ymoqda. Umumiy oshxonalar ortib borayotgan talabni qondirishda qiynalmoqda, natijada yordam ko‘rsatish ishlari ham izdan chiqmoqda.











