Energetika va tabiiy resurslar vazirligi atrof-muhitga yo‘naltirilgan faoliyatlari orqali 7 yil ichida jami 4,41 milliard liralik investitsiya evaziga 7,62 milliard lira miqdorida tejashga erishdi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, “2053 yilga borib sof nol emissiya” maqsadi doirasida strategiyalar ishlab chiqayotgan vazirlik ekologik loyihalarni amalga oshirmoqda.
Vazirlik 2019–2025 yillar oralig‘ida ekologik faoliyatlarga jami 4,41 milliard lira sarmoya kiritdi. Ushbu investitsiyalar natijasida 7,62 milliard lira tejash ta’minlandi.
Shuningdek, vazirlik qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi investitsiyalar orqali atrof-muhitni muhofaza qilish borasida muhim natijalarga erishdi. O‘tgan yili ishlab chiqarilgan 156 ming 999 gigavatt-soat qayta tiklanuvchi energiya tufayli taxminan 91 million tonna karbonat angidrid chiqindisining oldi olindi. Bu miqdor bir yil davomida qariyb 8,27 milliard daraxtning yutishi mumkin bo‘lgan emissiyaga teng deb hisoblanmoqda.
Vazirlik faqat 2025 yilning o‘zida 371,29 gektar maydonga 531 ming 869 ta ko‘chat ekdi. Ushbu ishlar natijasida qariyb 5 ming 851 tonna karbonat angidridga teng emissiya kamaytirildi.
Energetika va tabiiy resurslar vazirligi 2019–2025 yillar davomida jami 4 ming 532 gektar maydonga 4,9 million dona ko‘chat ekdi. Shu tariqa 7 yil ichida jami 54 ming 409 tonna karbonat angidrid chiqindisining oldi olindi.
“Nol chiqindi boshqaruvi” loyihasi doirasida 2025 yilda 7 ming 174 tonna chiqindi qayta ishlanib, iqtisodiyotga qayta jalb qilindi. Bu orqali 8 ming 960 ta daraxt kesilishining oldi olindi.
Vazirlik faoliyati doirasida 2025 yilda 10,2 million kub metr suv tozalandi va uning 83 foizi qayta foydalanish uchun tiklandi.
Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mavzu yuzasidan quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Kelajak avlodlarga yanada yashash uchun qulay, yashil va toza dunyo qoldirish uchun ishlamoqdamiz. Mamlakatimizning yashil transformatsiyasiga turtki beradigan qadamlarni qat’iyat bilan tashlamoqdamiz va tabiat bilan uyg‘un, o‘z resurslariga tayangan holda rivojlanayotgan Turkiyani barpo etish uchun harakat qilmoqdamiz.
Nol chiqindi va energiya samaradorligini bir xil yondashuvning ikki asosiy unsuri deb bilamiz. Tabiat bizga ishonib topshirgan bebaho ne’matlarni asrash uchun isrofgarchilikning oldini olyapmiz va tabiiy resurslarimizdan eng to‘g‘ri tarzda foydalanmoqdamiz.
Yana-da yashil va toza ertangi kunlarga erishish ishonchi bilan Butunjahon atrof-muhit kuni hamda Turkiya Atrof-muhit haftasi muborak bo‘lsin.”






















