Vositachilik jarayoniga yaqin bo‘lgan ikki nafar Pokiston hukumat vakilining ma’lum qilishicha, Islomobod kelasi hafta AQSH va Eron o‘rtasidagi to‘xtab qolgan tinchlik muzokaralarining ikkinchi raundiga mezbonlik qilishni kutmoqda.
Manbalarning chorshanba kuni "Anadolu" agentligiga bildirishicha, Islomobod AQSH va Eron 14–15-may kunlari, ya’ni Prezident Tramp Xitoyga jo‘nab ketishidan avval "dastlabki" kelishuvga erishishidan umidvor.
Vashingtonning "Operation Freedom" (Ozodlik operatsiyasi)ni to‘xtatgani hamda shu haftada qo‘lga olingan Eron kemasi va uning ekipajini ozod qilganini tilga olgan manba shunday dedi: "So‘nggi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, Pokiston tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar kelasi hafta qayta tiklanishi va Yaqin Sharq mojarosiga diplomatik yechim topilishiga ishonmoqda."
"Tomonlar o‘rtasidagi masalalarning deyarli 80–85 foizi allaqachon hal qilingan. Biroq yadroviy dastur masalasi hamon asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda", — deya qo‘shimcha qildi u.
"Agar Eron taklifga rozi bo‘lsa, urush tugashi mumkin"
Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni agar Eron belgilangan shartlarga rioya qilsa, AQSH–Isroil va Eron o‘rtasidagi urush yakunlanishi hamda Hormuz bo‘g‘ozi qayta ochilishi mumkinligini aytdi.
"Agar Eron kelishilgan shartlarni qabul qilsa — bu katta ehtimol — allaqachon 'afsonaviy' tus olgan 'Epic Fury' operatsiyasi tugatiladi. Shuningdek, samarali blokadada bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi barcha uchun, jumladan Eron uchun ham OCHIQ bo‘ladi", — deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida.
Tramp, shuningdek: "Agar ular rozi bo‘lmasa, bombardimonlar boshlanadi va afsuski, bu galgi zarbalar avvalgisidan ancha yuqori darajada va shiddatli bo‘ladi", — deya ogohlantirdi.
Avvalroq AQSH Eronning yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni kechiktirish hamda Hormuz bo‘g‘ozi masalasini alohida ko‘rib chiqish haqidagi taklifini rad etgan edi. Vashington doimiy tinchlikka erishish uchun yadroviy dastur masalasini muzokaralarning ajralmas qismi sifatida saqlab qolishni talab qilmoqda.









.jpg?width=512&format=webp&quality=80)


