Turkiya mezbonligida Antaliyada bo‘lib o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi — COP31 da ishtirok etayotgan san’atkorlar va sportchilar iqlim inqiroziga qarshi kurashda har bir inson mas’uliyatni his qilishi hamda kelajak avlodlar uchun harakatga o‘tishi zarurligini ta’kidladilar.
“Moviy hudud”dagi Turkiyaga tegishli ko‘rgazma maydonida jamlangan mashhurlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashib, Turkiyaning sammitga mezbonlik qilayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
UNICEFning Yaxshi niyat elchisi va aktrisa Tuba Buyukustun bolalar kelajagi yo‘lida qabul qilingan qarorlarni endilikda amaliyotga tatbiq etish vaqti kelganini qayd etdi. Aktyor Barish Arduch esa iqlim inqirozi “qizil xavf” darajasiga yetgan bir davrda COP31 muhim sammit ekanini ta’kidlab, Parij iqlim sammitidan so‘ng endi quruq gapdan ko‘ra amaliy harakat vaqti kelganini urg‘uladi.
“Buning bir qismi bo‘lish biz uchun sharaf”
Milliy terma jamoa sportchisi Shahika Erjumen hayotining katta qismini dengizda o‘tkazuvchi inson sifatida har kuni juda ko‘p miqdordagi chiqindilarga duch kelishini so‘zlab berdi. Aktrisa Meryem Uzerli COP31 shu kunga qadar o‘tkazilgan sammitlar orasida eng ko‘p jahon yetakchilarini bir joyga jamlaganiga e’tibor qaratib: “Bu faxrlanishga arzigulik ish. Buning bir qismi bo‘lish biz uchun sharaf”, dedi.
Barchaga ta’sir ko‘rsatuvchi umumiy muammo
Aktrisa Jeyda Atesh so‘zdan ko‘ra amaliy harakatga ehtiyoj borligini ta’kidlab, o‘rmonlar, dengizlar va suv resurslarini asrab-avaylash muhimligiga to‘xtaldi.
Aktyor Serkan Altuno‘rak iqlim o‘zgarishi barchaga ta’sir ko‘rsatadigan umumiy muammo ekanini va har kim o‘z zimmasidagi mas’uliyatni ado etishi lozimligini bildirdi.
Demet Shener esa iqlim inqirozi endi kelajakka oid muammo bo‘lib qolmay, kundalik hayotga ta’sir o‘tkazuvchi masalaga aylanganini urg‘ulab, zudlik bilan harakat boshlash zarurligini ta’kidladi.























