Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar Saudiya Arabistoni bilan elektr energetikasi loyihalari sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzolaganliklarini ma’lum qildi. Shuningdek, ACWA Power kompaniyasi tomonidan Turkiyada ikki bosqichda amalga oshiriladigan, umumiy quvvati 5 ming megavatt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya loyihalarining asosiy yo‘nalishlari belgilab olinganini bildirdi.
Bayraktar «X» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon al - Saudni qabul qilishida ishtirok etganini qayd etdi.
Uchrashuv ortidan Prezident Erdo‘g‘an ishtirokida elektr energetikasi loyihalari sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzolaganliklarini bildirgan Bayraktar mavzu haqida:
«3 - fevral kuni ar - Riyodda imzolangan va 21- oktabrda kuchga kirgan hukumatlararo kelishuv asosida ACWA Power kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda ikki bosqichda amalga oshiriladigan, umumiy quvvati 5 ming megavatt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya loyihalarining asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldik.
Birinchi bosqich doirasida Sivas va Karamanda umumiy quvvati 2 ming megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari loyihalarida erishilgan natijalardan mamnunmiz.
Bugun Antaliyada imzolangan hujjat orqali ikkinchi bosqichda rejalashtirilgan qo‘shimcha 3 ming megavatt quvvatni ishga tushirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqdamiz. Bu doirada yuqori kuchlanishli o‘zgarmas tok uzatish infratuzilmasi va elektr energiyasini akkumulyatorlarda saqlash tizimlari bilan qo‘llab - quvvatlanadigan shamol elektr stansiyalarini qurish ko‘zda tutilgan.
Qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarimizni oshirish bilan birga, elektr tarmoqlari infratuzilmasini mustahkamlash va tizimning moslashuvchanligini yaxshilashga xizmat qiladigan ushbu investitsiyalar orqali Saudiya Arabistoni bilan strategik energetika hamkorligimizni chuqurlashtirmoqdamiz.
Turkiyaning energetik transformatsiyasi va investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni aniq loyihalarga aylantirishda davom etamiz», - degan ifodalarga o‘rin berdi.























