DUNYO
2 daqiqa o'qish
Pashinyan g‘alabadan so‘ng G‘arb va Rossiya o‘rtasida muvozanat siyosatini va’da qildi
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan “G‘arb bilan yaqinlashuv yo‘lini davom ettirish” majburiyatini bildirar ekan, mamlakatining Rossiya bilan munosabatlarini ham rivojlantirishda davom etishini ta’kidladi.
Pashinyan g‘alabadan so‘ng G‘arb va Rossiya o‘rtasida muvozanat siyosatini va’da qildi
Pashinyan / AFP

Kecha Armanistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Bosh vazir Nikol Pashinyan yetakchiligidagi hukmron partiya g‘alaba qozondi.

Markaziy saylov komissiyasi dushanba kuni e’lon qilgan dastlabki rasmiy natijalarga ko‘ra, Pashinyanning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi ovozlarning 49,8 foizini olib, saylovda birinchi o‘rinni egalladi.

Rossiyaparast arman milliarder Samvel Karapetyan boshchiligidagi “Kuchli Armaniston” ittifoqi esa 23,3 foiz ovoz oldi.

Sobiq prezident Robert Kocharyanning “Armaniston” ittifoqi 9,9 foiz, “Farovon Armaniston” partiyasi esa 4 foiz ovoz olib parlamentga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Saylovda qatnashish darajasi 59 foiz bo‘lgani ma’lum qilindi.

Natijalar e’lon qilingach, Pashinyan bu muvaffaqiyatni “Armanistonning abadiyligi va taraqqiyotini ta’minlaydigan tarixiy g‘alaba” deb baholadi.

G‘arb bilan yaqinlashuv davom etadi, Rossiya bilan aloqalar saqlanadi

Saylovdagi g‘alabadan so‘ng tashqi siyosat bo‘yicha bayonot bergan Pashinyan, “G‘arb bilan yaqinlashuv yo‘lini davom ettirish” majburiyatini bildirar ekan, Rossiya bilan munosabatlarni ham rivojlantirishda davom etishini ta’kidladi.

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Pashinyanni tabrikladi.

Fon der Lyayen: “Yevropaga tobora yaqinlashayotgan demokratik Armanistonni qutlaymiz. Armaniston bizga ishonishi mumkin”, dedi.

Muxolifatdan “shubhali saylov” da’vosi

Pashinyanning eng kuchli raqibi Samvel Karapetyan esa saylovlarni “uyatli” deb atadi.

U kampaniya jamoasining o‘nlab a’zolari qo‘lga olinganini, ovoz berish jarayonida qonunbuzarliklar va bosimlar bo‘lganini iddao qildi.

Armaniston Tergov qo‘mitasi takroriy ovoz berish holatlari hamda boshqa qonunbuzarliklar yuzasidan 59 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va 9 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Moskva bilan taranglashgan munosabatlar

Nikol Pashinyan davrida Armaniston Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bilan munosabatlarini muzlatib qo‘ydi.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan aloqalarni chuqurlashtirib, ehtimoliy Yevropa Ittifoqi a’zoligi yo‘lida qadamlar tashladi.

Moskva esa mintaqadagi ta’sirining kamayishidan norozi ekanini yashirmayapti.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin may oyida qilgan bayonotida Ukraina misolini keltirib:

“Bugun Ukrainada nimalar bo‘layotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Hammasi qanday boshlandi? Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish harakati bilan”, deya   bilvosita ogohlantirish bergan edi.

Saylov oldidan Rossiyaning Armanistondan ayrim mahsulotlar importini taqiqlashi esa Yerevanga iqtisodiy bosim o‘tkazish harakati sifatida baholandi.