DUNYO
2 daqiqa o'qish
Ko‘rfazda taranglik kuchaymoqda: Muzokaralar fonida qarama-qarshi hujumlar davom etmoqda
AQSh Hormuz bo‘g‘ozida Eron dronlarini urib tushirib, radar obyektlariga zarba berganini ma’lum qildi. Bunga javoban Eron Kuvayt va Bahrayndagi AQSh bazalariga raketa hujumlari uyushtirdi.
Ko‘rfazda taranglik kuchaymoqda: Muzokaralar fonida qarama-qarshi hujumlar davom etmoqda
AQSh va Eron bayroqlari (REUTERS)

Tehron va Vashington o‘rtasidagi muzokaralarda siljish kuzatilayotgani haqida signallar berilayotgan bo‘lsa-da, maydondagi harbiy keskinlik tobora ortib bormoqda. So‘nggi soatlarda Hormuz bo‘g‘ozi va uning atrofida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar mintaqadagi xavfsizlik borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

AQSh Eron dronlari va radar tizimlarini nishonga oldi

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Hormuz bo‘g‘ozida harakatlangan Eronga tegishli 4 ta uchuvchisiz havo apparati (UHA) AQSh kuchlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi.

Bayonotda AQSh kuchlariga qarshi ehtimoliy hujumlarning oldini olish maqsadida Eronning Goruk va Qeshm orolidagi qirg‘oq kuzatuv radar tizimlari ham nishonga olingani bildirildi.

CENTCOM mazkur operatsiyalarga oid tasvirlarni ham jamoatchilik bilan bo‘lishdi.

Eron ballistik raketalar bilan javob qaytardi

AQSh hujumlari haqidagi xabarlar ortidan Kuvayt va Bahrayndagi AQSh bazalarida ogohlantiruvchi sirenalar yangradi.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQShning harakatlariga javoban ushbu ikki mamlakatdagi Amerika harbiy obyektlari ballistik raketalar bilan nishonga olinganini ma’lum qildi.

Qo‘riqchilar korpusi bayonotida AQSh “tajovuzkor harakatlarini” davom ettirgan taqdirda, Hormuz bo‘g‘ozi orqali amalga oshiriladigan neft va tabiiy gaz eksporti to‘liq to‘xtatilishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.

Shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan global oqibatlar uchun bevosita AQSh javobgar bo‘lishi ta’kidlandi.

Raketalarning aksariyati yo‘q qilindi

CENTCOM Eronning javob hujumlariga oid yangilangan ma’lumotlarni e’lon qildi.

Bayonotga ko‘ra, Eron tomonidan Kuvayt va Bahrayndagi bazalarga jami 7 ta ballistik raketa uchirilgan.

AQSh havo mudofaa tizimlari ushbu raketalarning 6 tasini havoda yo‘q qilgan, yana 1 raketa esa nishonga yetib bormasdan qulab tushgan.

Diplomatik jarayon va harbiy keskinlik yonma-yon davom etmoqda

Mintaqadagi diplomatik manbalar bir tomondan muzokaralar stolida oldinga siljish kuzatilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan harbiy to‘qnashuvlarning davom etishi mintaqadagi nozik muvozanatni istalgan vaqtda izdan chiqarishi mumkinligiga e’tibor qaratmoqda.