SPORT
2 daqiqa o'qish
FIFA Jahon chempionati stadionlarida qayta ishlatiladigan suv idishlarini taqiqladi
2026-yilgi Jahon chempionati oldidan turnir qoidalariga so'nggi daqiqada kiritilgan o'zgarishlar muxlislar orasida suvdan foydalanish imkoniyati borasida xavotirlarni kuchaytirdi.
FIFA Jahon chempionati stadionlarida qayta ishlatiladigan suv idishlarini taqiqladi
FIFA taqiqdan maqsad shishalar, stakanlar va bankalar otilishi hamda o‘yinchilar, rasmiylar yoki muxlislarning jarohat olishining oldini olish ekanini bildirdi.

2026-yilgi Jahon Chempionatida muxlislarga qayta ishlatiladigan suv idishlarini olib kirish taqiqlandi.

FIFA stadionlardagi xulq-atvor kodeksiga kutilmagan oʻzgartirish kiritdi. Unga koʻra, turnir oʻyinlariga tashrif buyuradigan muxlislarning yonida qayta ishlatiladigan suv idishlari boʻlishiga ruxsat berilmaydi.

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) payshanba kuni ma’lum qilishicha, shu haftadan kuchga kirgan yangilangan qoidalarga binoan, ilgari taqiqlanmagan boʻsh va shaffof plastik shishalarni endilikda stadion hududiga olib kirish mumkin emas.

Ushbu cheklov barcha turdagi shishalar, stakanlar, bankalar va idishlarni qamrab oladi. FIFA mazkur chorani tribunalardan maydonga turli buyumlar uloqtirilishi xavfini kamaytirish hamda oʻyinchilar, rasmiy shaxslar va tomoshabinlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida joriy etilganini tushuntirdi.

"FIFA barcha oʻyinchilar, hakamlar, muxlislar, koʻngillilar va xodimlarning sogʻligʻi hamda xavfsizligini himoya qilishni ustuvor vazifa deb biladi", — deyiladi tashkilot bayonotida. Shuningdek, bunday cheklovlar turnir mezbonlik qiladigan bir qator stadionlarning ichki qoidalarida allaqachon mavjud boʻlgani qoʻshimcha qilingan.

Turnir Oldidan Issiq Ob-Havo Xavotirlari

Mazkur qaror muxlislar oʻrtasida, ayniqsa, oʻyinlar paytida havo harorati 26–28°C atrofida boʻlishi kutilayotgan hududlarda bepul ichimlik suvidan foydalanish borasida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqardi.

Oʻz navbatida, FIFA mezbon shaharlar stadion hududida issiq havo ta’sirini yumshatish choralarini koʻrishini bildirdi. Jumladan, maxsus ichimlik suvi punktlari, suv purkagichli zonalar, salqinlash chodirlari va ventilyatorlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, tashkilot stadion ichidagi ichimlik suvi narxi ushbu arenalarda oʻtkaziladigan boshqa ommaviy tadbirlardagi narxlardan yuqori boʻlmasligini kafolatladi.

Ma’lumot oʻrnida, joriy yilda tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirokida kengaytirilgan formatda oʻtadigan Jahon chempionatiga AQSh, Kanada va Meksika birgalikda mezbonlik qiladi. 11-iyundan 19-iyulgacha davom etadigan turnir dasturidan rekord darajadagi 104 ta uchrashuv oʻrin olgan.