AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Amerika harbiylari Eronning bir nechta raketasi va dronini urib tushirganini ma’lum qildi.
"AQSH kuchlari Eronning bir nechta ballistik raketasi hamda uchuvchisiz uchish apparatini (dron) muvaffaqiyatli yo‘q qildi. Shuningdek, Yaqin Sharq bo‘ylab Eron tomonidan amalga oshirilgan hujum urinishlariga javoban Qeshm orolidagi obyektlarga o‘zini mudofaa qilish maqsadida zarbalar berdi", — deyiladi CENTCOMning chorshanba kungi bayonotida.
Qo‘mondonlikning X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi navbatdagi bayonotida qayd etilishicha, bugun oqshom Quvaytdagi AQSH kuchlariga hujum qilishga uringan Eron dronlarining navbatdagi to‘lqini ko‘zlangan nishonlarga yetib bormagan. AQSH havo mudofaasi tizimlari bir nechta dronni muvaffaqiyatli urib tushirgan, amerikalik harbiy xizmatchilar orasida qurbonlar yo‘q va infratuzilmaga ziyon yetmagan.
Raketalar Quvayt va Bahraynni nishonga oldi
CENTCOM xabariga ko‘ra, Eron mintaqadagi qo‘shni davlatlar yo‘nalishida bir nechta ballistik raketa uchirgan, biroq ularning hech biri maqsadiga erisha olmagan.
"Quvaytga qarata otilgan Eronning ikki raketasi nishonga yetmasdan qulagan yoki havoda parchalanib ketgan. Bahrayn tomon uchirilgan uchta raketa esa AQSH va Bahrayn havo mudofaasi kuchlari tomonidan zudlik bilan urib tushirildi", — deya ma’lum qildi qo‘mondonlik.
Bundan tashqari, CENTCOM o‘z kuchlari mintaqadagi xalqaro suv yo‘llaridan o‘tayotgan fuqarolik kemalariga qarata uchirilgan Eronning uchta kamikadze-dronini urib tushirganini bildirdi. "Amerika harbiylari, shuningdek, Qeshm orolidagi Eron harbiy-havo kuchlariga qarashli yerusti nazorat stansiyasiga o‘zini mudofaa qilish maqsadida zarba berdi", — deyiladi xabarda. Hujumlar oqibatida AQSH harbiylaridan hech biri jarohat olmagan.















