Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin 9 - may kuni Ukrainadagi urush yakunlanayotganiga oid bayonotlari Rossiya armiyasining jang maydonidagi yutuqlari tahliliga asoslanganini ma’lum qildi.
Biroq Putin urush qachon tugashi bo‘yicha aniq muddatni aytishdan bosh tortdi. U juma kungi bayonotida G‘arbning: «Rossiya, Yevropa bilan urushga tayyorlanmoqda» - degan iddaolari yolg‘on ekaniga e’tibor qaratdi.
Putin, shuningdek, G‘arb ommaviy axborot vositalarini Rossiya nazorati ostidagi Luhansk hududida joylashgan talabalar yotoqxonasiga qarshi uyushtirilgan va 21 kishining o‘limiga yo‘l ochgan Ukrainaning insonsiz havo transporti hujumi haqidagi xabarlarni noto‘g‘ri yoritishda ayblab, bundan uyalishi kerakligini ta’kidladi.
Boshqa tomondan, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga qarshi yangi va keng ko‘lamli hujum tayyorlayotganini ma’lum qildi.
Zelenskiy mavzu haqida kecha kechasi qilgan videomurojaatida shunday dedi: «Rossiyaning yangi va keng ko‘lamli hujum tayyorlayotgani haqida razvedka ma’lumotlariga egamiz. Bo‘linmalarimiz tezkor ravishda javob bermoqda va tayyor turibdi. Harbiy havo kuchlari va osmon himoyachilari har doimgidek 24/7 xizmatda bo‘ladi».
Rossiya esa dushanba kuni Kiyevdagi nishonlarga «tizimli hujumlar» boshlash niyatida ekanini bildirgan hamda xorijliklar bilan diplomatlarni mamlakatni tark etishga chaqirgan edi.
Moskva bu harakatni o‘tgan hafta Ukrainaning Rossiya nazoratidagi Luhansk hududidagi yotoqxona binosiga qarshi uyushtirgan va 21 kishining o‘limiga yo‘l ochgan insonsiz havo transporti hujumiga javob tariqasida ekanini qayd etgan ammo Ukraina bu hujum javobgarchiligini o‘z zimmasiga olmagandi.
O‘tgan yakshanba kuni Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlariga qarshi uyushtirilgan Rossiya hujumlari natijasida ikki kishi halok bo‘lgan va o‘nlab inson tan jarohati olgandi.
Telegramdagi xabarida Zelenskiy, Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga chaqirib; G‘arb hamkorlari bilan tuzilgan havo mudofaasi kelishuvlari kechiktirilmasdan amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.
















