TURKIYA
1 daqiqa o'qish
Turkiya Axalkalaki – Kars temir yo'lining ochilishini olqishladi
Turkiya vakili temir yoʻl liniyasi Turkiya, Armaniston, Ozarbayjon va Gruziya oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlik, tinchlik hamda barqarorlikka hissa qoʻshishini aytdi.
Turkiya Axalkalaki – Kars temir yo'lining ochilishini olqishladi
Turkiya Axalkalaki-Kars temir yo'lining Armaniston uchun ochilishi munosabatlarni normallashtirishda yangi qadam ekanini ma'lum qildi. / AA

Turkiya va Armaniston oʻrtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayoni boʻyicha maxsus vakil Serdar Kilich Axalkalaki – Kars temir yoʻl liniyasining Armaniston import va eksport amaliyotlari uchun ochilishini ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi savdo aloqalarida tashlangan yangi qadam deya baholadi.

Yakshanba kuni "X" (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida post qoldirgan turkiyalik diplomat Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning ushbu transport yoʻlagi mamlakat tashqi savdosiga xizmat qilishi haqidagi avvalgi bayonotiga munosabat bildirdi. Kilich bu voqeani ikki mamlakat oʻrtasidagi bevosita savdo aloqalarini rivojlantirish yoʻlidagi muhim burilish nuqtasi deb atadi.

“Umid qilamanki, ushbu tashabbus Turkiya, Armaniston, Ozarbayjon va Gruziya oʻrtasidagi toʻrt tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlaydi. Shuningdek, barcha mamlakatlar manfaatlariga xizmat qilgan holda, mintaqaviy tinchlik hamda barqarorlikka sezilarli hissa qoʻshadi”, — deya taʼkidladi Kilich.

Oʻz navbatida, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mazkur qarorni mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega rivojlanish deb baholadi va Turkiya hamda Gruziyadagi sheriklariga koʻrsatilgan hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

Pashinyanning qoʻshimcha qilishicha, Armaniston endilikda Gruziya va Ozarbayjon orqali Rossiyaga, shuningdek, Rossiya hamda Qozogʻiston orqali Xitoyga temir yoʻl orqali toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega boʻladi.

U, shuningdek, Turkiya va Gruziya hududidan oʻtuvchi ushbu temir yoʻl marshruti Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini mustahkamlashini, yaqin kelajakda esa Turkiya, Ozarbayjon va Eron bilan ham temir yoʻl aloqalari yoʻlga qoʻyilishi kutilayotganini bildirdi.