Prezident Erdog‘anning rafiqasi Emine Erdo’g‘an turk oshxonasi nafaqat o‘zining betakror ta’mlari, balki ma’naviy qadriyatlari, oilaviy rishtalari, ulashish madaniyati va jamoaviy mehnati bilan boshidan oxirigacha chinakam hayot san’ati ekanini ta’kidladi. U: “Turk oshxonasi Anadoluning ruhi va vijdonini dunyoning har bir nuqtasiga olib borayotgan eng latif madaniy elchimizdir”, dedi.
Dasturdagi nutqida Emine Erdo’g‘an Istanbulni yer yuzining eng qadimiy guvohlaridan biri, sivilizatsiyalar, xalqlar va tarix uchrashadigan insoniyat dasturxoni sifatida ta’rifladi.
Ushbu dasturxon atrofida turk oshxonasi ulkan sivilizatsiya merosi ekani yana bir bor yodga olinganini qayd etgan Erdo’g‘an, bu meros Turkiyaning nafaqat milliy taomlarini, balki mahalliylikdan umuminsoniy qadriyatlarga cho‘zilgan madaniy boyligini ham ifodalashini bildirdi.
Erdo’g‘an ushbu tadbir munosabati bilan Madaniyat va turizm vazirligi hamda Sanoat va texnologiyalar vazirligiga minnatdorlik bildirib, xorijiy mamlakatlarda turli tadbirlar orqali Turk oshxonasi haftaligini nishonlayotgan chet eldagi vakolatxonalarga o‘z salomini yo‘lladi.
“Oshxona — insoniyat tarixining eng qadimiy arxivlaridan biridir”, degan Erdog‘an so‘zini davom ettirib shunday dedi: “Har bir yozilgan dasturxonda jamiyatning e’tiqodlari, madaniy kodlari va geografiya bilan o‘rnatgan munosabatlarini satrma-satr o‘qish mumkin. Turk merosi haqida gap ketganda esa asrlar davom etgan sivilizatsiya yurishi nazarda tutiladi. Turk oshxonasining eshigi Turkistondan ochiladi, ko‘chishlar orqali Anadolu sari cho‘ziladi, u yerdan Usmonli imperiyasi geografiyasining har bir burchagiga, Bolqon, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikagacha yoyiladi. Ushbu tarixiy yo‘l davomida turli madaniyatlar bir-biriga tutashadi, bir-biridan o‘rganadi va bir-birini boyitadi”.
Turklar oshxona va dasturxonni sivilizatsiya maktabi sifatida ko‘rganini ta’kidlagan Erdog‘an, dasturxon qalblarni yaqinlashtiradigan, sadoqat va vafoni mujassam etgan noyob uchrashuv maydoni ekanini aytdi. U keksa avlodlar buni “tuz-non haqqi” deb ataganini ham qo‘shimcha qildi.
Erdo’g‘an tarix davomida bir dasturxon atrofida o‘tirish hatto dushmanliklarga ham chek qo‘yganiga oid ko‘plab rivoyatlar borligini aytib, bunga misollar keltirdi.
Turk oshxonasining yana bir buyuk kuchi — Anadoluning hamjihatlik ruhini dasturxonning ma’naviy asosiga aylantira olish qobiliyati ekanini qayd etgan Erdog‘an, bunga “imeja” (hashar) madaniyati deyilishini bildirdi.
Erdo’g‘an ayrim tadqiqotchilar “imeja” so‘zini Anadoluning dunyoga tuhfa qilgan muhim qadriyati ekanini aytishlarini ta’kidlab, shunday dedi: “Chunki Anadolu tuprog‘ida qalb rishtalari bir-biriga bog‘lanadi va natijada buyuk insoniylik zanjiri yuzaga keladi. Hayotning og‘ir sinovlari yelkama-yelka turgan insonlarning birdamligi tufayli qush patidek yengillashadi. Nikoh, to‘y, sunnat marosimlari va janozalarda qo‘shnilar hech qanday yordam so‘ralishini kutmasdan birlashadilar va xonadon egasining yumushlarini o‘z zimmalariga oladilar. Ayollar qishga tayyorgarlik, tok bargini qadoqlash (yaproq o‘rash), non yopish, Ramazon tayyorgarliklari kabi ko‘p mehnat talab qiladigan ishlarni “imeja” (hashar) usulida bajaradilar”.
Buning eng go‘zal namunalaridan biri YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan “keshkek” (bug‘doyli go‘shtli taom) ekanini eslatgan Erdog‘an, keshkek tayyorlashning har bir bosqichi jamoaviy mehnat bilan amalga oshirilishini aytdi.
Emine Erdo’g‘an tadbir maydonidagi stendlarni ko‘zdan kechirdi
Dasturda turmush o‘rtoqlari bilan birga qatnashgan Sanoat va texnologiyalar vaziri Mehmet Fatih Kajir hamda Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ham nutq so‘zladi.
Tadbirda Istanbul hokimi Davut Gul va uning rafiqasi, elchilar, konsullar, jurnalistlar, soha vakillari, oshpazlar hamda san’atkorlar ishtirok etdi.
Erdo’g‘an ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Turk oshxonasi haftaligini tabrikladi
Dastur yakunida Emine Erdo’g‘an ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qoldirgan postida, bu yil beshinchi bor “Bir dasturxonda meros” mavzusi ostida nishonlanayotgan Turk oshxonasi haftaligining ochilish marosimida elchilar, ularning turmush o‘rtoqlari va turk oshxonasiga mehr qo‘ygan qadrli mehmonlar bilan uchrashganidan mamnunligini bildirdi.
Erdog‘an Madaniyat va turizm vazirligi hamda Sanoat va texnologiyalar vazirligining rasmiy sahifalarini belgilab (teg qilib) o‘tgan postida quyidagi fikrlarni bayon etdi:
“Turk oshxonasi Anadoluning ruhi va vijdonini dunyoning to‘rt tomoniga yetkazayotgan eng nafis madaniy elchimizdir. Bizning vazifamiz mamlakatimiz gastronomiya qiyofasini dunyoga mashhur bir nechta taom bilangina cheklab qo‘ymasdan, uni ‘ma’no, madaniyat va qadriyatlar oshxonasi’ sifatida dunyoda munosib o‘ringa olib chiqishdir. Keling, barchamiz birgalikda oshxonamizning chiqindisiz, isrofsiz, barqaror, ekologik toza, sog‘lom va har qanday parhez tanloviga javob bera oladigan jihatlarini oldinga chiqaraylik.
Eng muhimi esa buvilarimizning retseptlariga, oshxona sirlariga va sarg‘aygan retsept daftarlariga ega chiqaylik. Chunki bularning barchasi bizning buyuk tariximiz va hikoyamizdir. Turk oshxonasi haftaligini muborakbod etaman, dasturxonlarimizning barakasi, o‘zaro mehr-muhabbat hamda birlik ruhimiz doimiy bo‘lishini tilayman. Ushbu mazmunli dasturni tashkil etishda mehnat qilgan barchaga o‘z minnatdorligimni bildiraman”.




























