Urush girdobida qolgan G'azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazishga urinayotgan flotiliya tarkibida bo'lgan avstraliyalik faollar uylariga qayta boshladi. Ular Isroil hibsxonasida shafqatsiz qiynoqlar va jinsiy zo'ravonlikka uchraganliklarini ma'lum qilmoqda.
O'tgan haftada xalqaro suv hududlarida Isroil harbiylari tomonidan to'xtatilib, hujumga uchragan “Global Sumud” flotiliyasi bortidagi yuzlab xorijlik faollar orasida 11 nafar avstraliyalik ham bo'lgan va ularning barchasi qo'lga olingan edi.
Avstraliyaning mahalliy SBS News telekanali dushanba kuni xabar berishicha, guruh a'zolarining ko'pchiligi, jumladan, ba'zi avstraliyaliklar hibs davomida tana a'zolari sindirilgani, yuzlariga elektroshoker (tazer) bilan zarba berilgani va noma'lum moddalar inyeksiya qilinganini (ukol qilinganini) so'zlab berishgan.
Dushanba kuni tongda Melburn aeroportiga qo'ngan faollardan biri Vayolet Koko (Violet Coco) Isroil rasmiylari flotiliya operatsiyasi chog'ida qo'lga olinganlarni ayovsiz kaltaklagani, qiynagani va ularga nisbatan jinsiy tajovuz qilganini bayon etdi.
Uning qo'shimcha qilishicha, hibsga olinganlar suyak sinishi va og'ir bosh jarohatlari olgan, shuningdek, surunkali kasalligi bor bemorlar bir necha kun davomida insulin hamda qon bosimiga qarshi dori-darmonlarsiz qoldirilgan. Koko so'roq vaqtida o'zini qorong'i xonaga itarib kiritishganini, jinsiy bezovtalik va tinimsiz jismoniy zarbalarga duch kelganini aytdi.
Jismoniy va jinsiy zo'ravonliklar
Jemma O'Tul (Gemma O'Toole) yakshanba oqshomida vataniga qaytgan birinchi avstraliyalik faol bo'ldi va u ham safdoshi singari dahshatli azob-uqubatlarni tasvirlab berdi. Melburn aeroportida 23 yoshli talabani do'stlari va oila a'zolari olqishlar bilan kutib olishdi. O'Tul ABC telekanaliga bergan intervyusida Isroil kuchlari asirga olingan faollarga nisbatan shafqatsiz jismoniy zo'ravonlik va jinsiy tajovuz usullarini qo'llaganini ta'kidladi.
Nyu-Saut Uels shtatidan bo'lgan, ruhiy va jismoniy xastalikka chalingan (ikki tomonlama tashxis qo'yilgan) bemorlarni parvarishlash xodimi Surya MakYuen (Surya McEwen) uchun bu safargi flotiliya G'azoga yordam yetkazish bo'yicha uchinchi urinish bo'lgan. Oxirgi hibsida u qariyb 80 soat ushlab turilganini va Isroil askarlari o'zlarining milliy madhiyasini kuylab, uni xonada kaltaklashganini esladi.
MakYuen Isroil tomonidan qo'llanilgan "zindon-kemalar"ni urush asirlari lagerlariga o'xshatdi: u yerda uxlash uchun mutloq joy bo'lmagan, hojatxonalar yetishmagan va askarlar mahbuslar ustidan tartibsiz ravishda rezina o'qlardan o't ochishgan.
Insonparvarlik missiyasi delegatsiyasining bir nechta a'zolari boshdan kechirgan ko'rgulari yuzasidan ayni paytda advokatlar bilan maslahatlashayotganini bildirdi. Ular barcha dalillarni to'plab, falastinliklarning huquqlari poymol qilinayotgani haqidagi da'volarni qo'llab-quvvatlash maqsadida Xalqaro Jinoiy Sudga (XJS) taqdim etishni rejalashtirmoqda.












