Kiyevning maʼlum qilishicha, yakshanba kuni Ukraina dronlari Rossiya janubidagi neft omboriga hamda front chizigʻidan yuzlab kilometr uzoqlikda joylashgan nasos stansiyasiga zarba berdi. Rossiya rasmiylari ham ushbu hududlarda portlashlar sodir boʻlganini tasdiqladi.
Kiyev urushning beshinchi yilida Moskvaning infratuzilma obʼyektlariga qarshi hujumlarini kuchaytirdi. Soʻnggi haftalarda hatto Ural togʻlarigacha boʻlgan masofadagi hududlar nishonga olindi.
Ukraina armiyasining bildirishicha, dronlar Rossiyaning Kirov viloyatidagi "yirik neft quvurining joʻnatish stansiyasi"ga hamda front chizigʻiga yaqin boʻlgan Rostov viloyatidagi neft omboriga zarba bergan. Harbiylarning taʼkidlashicha, ushbu quvur Sibirdan Rossiyaning gʻarbiy qismiga va Belarusga neft tashishga moʻljallangan.
Kirov viloyati gubernatori Aleksandr Sokolov Ukraina dronlari "obʼyektlardan biri"ga zarba berishi oqibatida yongʻin chiqqanini tasdiqladi. U hodisada hech kim jabrlanmaganini maʼlum qilib, aholini xotirjamlikni saqlashga chaqirdi.
"Hujumlar toʻxtatilishi kerak"
Kiyev tomonidan tez-tez nishonga olinadigan Rostov viloyatining Matveyev-Kurgan shaharchasida mahalliy rasmiylar dron hujumi oqibatida neft omborida kelib chiqqan yirik yongʻin sababli favqulodda holat eʼlon qildi.
Shaharcha rahbari Dina Alborovaning soʻzlariga koʻra, yongʻin 3600 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. U voqea joyidan koʻkka koʻtarilgan qora tutun bulutlari aks etgan suratlarni eʼlon qilib, turar joylar va bir nechta doʻkonlarga zarar yetganini bildirdi.
Ayni vaqtda Ukrainada qutqaruvchilar Dnipro shahridagi "Nova Poshta" pochta kompaniyasiga tegishli omborga berilgan Rossiya zarbasi oqibatlarini bartaraf etmoqda.
Ukraina ichida va xalqaro miqyosda keng faoliyat yurituvchi ushbu xususiy kurerlik kompaniyasi Dnipro filiali dron hujumiga uchragani va "bino butunlay yonib ketgani"ni maʼlum qildi. Kompaniya xabari koʻra, xodimlar orasida jarohatlanganlar yoʻq.
"Bu kabi barcha hujumlar toʻxtatilishi kerak", — dedi Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy yongʻin aks etgan tasvirlarni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirar ekan. Uning qoʻshimcha qilishicha, bunga erishish uchun mudofaa kuchlarini yetarli darajada qoʻllab-quvvatlash va Rossiyaga bosimni davom ettirish zarur.
Eslatib oʻtamiz, ushbu haftaning boshida Zelenskiy Rossiya zarbalarini qaytarish maqsadida AQShdan "Patriot" havo mudofaa tizimlari uchun qoʻshimcha oʻq-dorilar yetkazib berishni soʻragan edi.

















