TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Chamlija minorasi taxminan 2,8 million kishiga quchoq ochdi
Istanbuldagi eng baland me'moriy asar hisoblangan Chamlija minorasi, qurilganidan beri taxminan 2,8 million kishiga quchoq ochdi.
Chamlija minorasi taxminan 2,8 million kishiga quchoq ochdi
_

Transport va infratuzilma vaziri Abdulkadir Uralo‘g‘lu yozma bayonotida, Chamlija minorasi 2021 - yilning 29 - mayi kuni Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an tomonidan foydalanishga topshirilgani va 5 yildan buyon faoliyat yuritayotganini yodga soldi.

Uralo‘g‘lu lola shaklida qurilgan minora texnologiya, me’morchilik va zamonaviy tajribani birlashtirgan muhim inshootlardan biri ekanini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, inshootning temir - beton korpusi 201 metr, po‘lat antennasi esa 168 metr balandlikka ega.

Uralo‘g‘lu minoraning dengiz sathidan 587 metr balandligi bilan Istanbulning eng baland nuqtalaridan biri sifatida ajralib turishini qayd etib, mavzu haqida shunday dedi: «Taxminan 30 ming 150 kvadrat metr maydonda bunyod etilgan minorada ilg‘or muhandislik texnologiyalaridan foydalandik. Diametri 58 metr va chuqurligi 21 metr bo‘lgan temir - beton yadro yer ostiga kirib borib, inshoot uchun mustahkam poydevor yaratadi. Jami 49 qavatdan iborat bo‘lgan minorada kuzatuv maydonchalari, restoranlar va lounge hududlari mavjud».

«Istanbulga 448 ta yangi radio chastotasi taqdim etdik»

Uralo‘g‘lu Chamlija minorasiga tashrif buyuruvchilar uchun turli imkonlar yaratilganiga ham e’tibor qaratib, so‘zlari davomida: «Istanbulni boshqa nuqtai nazardan kashf etishni istaganlar uchun birinchi manzil bo‘lgan Kuzatuv terasasi orqali birdaniga tarixiy yarimorol manzarasi, Bo‘sfo‘rning betakror ko‘rinishi va tabiiy go‘zalliklarni tomosha qilishi mumkin . ‘Seyyah 360’ esa tashrif buyuruvchilarni interaktiv vizual sayohatga olib chiqib, Hezarfen Ahmad Chalabiy nigohi orqali Istanbulning madaniy merosi va ramziy inshootlarini kashf etish imkonini beradi. Chamlija minorasi ochilganidan buyon taxminan 2,8 million mehmonni qabul qildi. 360 darajali panoramik manzarasi, zamonaviy me’morchiligi va boy kontenti bilan u Istanbulning yangi diqqatga sazovor maskanlaridan biriga aylandi» - dedi.

Uralo‘g‘lu Chamlija minorasi tufayli dunyoda ilk bor bir vaqtning o‘zida 100 ta FM radioeshittirishini yagona aloqa minorasi orqali uzatish imkoniyati yaratilganini bildirdi.

Abdulkadir Uralo‘g‘lu so‘zlari yakunidsa: «Hozirda 100 ta FM, 16 ta analog yerusti telekanali va 22 ta DAB+ eshittirish faol ravishda olib borilmoqda. DAB+ texnologiyasi orqali radioeshittirish sohamizga yangi nafas olib kirdik. Biz nafaqat bugunni, balki kelajakni ham shakllantiradigan muhim o‘zgarishni Chamlija minoramizda amalga oshirdik. DAB+ texnologiyasi orqali Istanbulga 448 ta yangi radio chastotasini taqdim etdik. Davlat va xususiy teleradiokompaniyalariga tegishli 22 ta radiokanal aynan shu texnologiya orqali efirga uzatilmoqda» — degan ifodalarga o‘rin berdi.