DUNYO
1 daqiqa o'qish
Rossiya nazorati ostidagi Donetskda Ukrainaga tegishli dron avtobusga zarba berdi
Moskva yo‘lovchi avtobusiga uyushtirilgan va qurbonlarga sabab bo‘lgan hujumda Ukrainani ayblamoqda.
Rossiya nazorati ostidagi Donetskda Ukrainaga tegishli dron avtobusga zarba berdi
[ARXIV] Ukrainalik harbiy xizmatchi Ukrainaning Donetsk viloyatidagi frontoldi Pokrovsk shahri yaqinida razvedka dronini uchirmoqda, 2025-yil 6-oktabr.

Moskva tomonidan tayinlangan mahalliy hokimiyat organlarining ma’lum qilishicha, chorshanba kuni Rossiya nazoratidagi Donetsk viloyatida yo‘lovchi avtobusiga dron zarbasi berilishi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohatlandi.

Mintaqaning rossiyaparast rahbari Denis Pushilin kamikadze-dron Moskva hamda Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrimning Simferopol shahri o‘rtasida qatnayotgan avtobusga zarba berganini ma’lum qildi. Rossiya rasmiylari ushbu voqeani tinch aholiga qaratilgan qasddan qilingan hujum deb baholadi. Davlat ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Rossiya Tergov qo‘mitasi holat yuzasidan terrorizm moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Ushbu zarba Rossiya va Ukraina o‘rtasida dronlar orqali o‘zaro hujumlar keskin tus olayotgan bir pallada yuz berdi. So‘nggi kunlarda ikkala tomon ham keng ko‘lamli havo operatsiyalari haqida hisobot berdi.

Dronlar urushi keskinlashmoqda

Rossiya Havo mudofaasi kuchlarining bildirishicha, birgina tunning o‘zida Ukraina tomondan uchirilgan 354 ta dron urib tushirilgan yoki zararsizlantirilgan. Bu esa mojarodagi havo urushi ko‘lami qay darajada oshayotganidan dalolat beradi.

Avtobusga qilingan so‘nggi hujum seshanba kuni Kiyevga uyushtirilgan Rossiyaning yirik raketa va dron zarbalari ortidan sodir bo‘ldi. Moskva ushbu ommaviy zarbani Rossiya nazoratidagi Luganskda joylashgan yotoqxonalardan biriga avvalroq berilgan hujumga javob ekanini qayd etdi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Rossiya tomonidan yangi zarbalar to‘lqini sodir bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu esa uzoq masofali dronlar urushida vaziyat yanada keskinlashishi ehtimolini oshirmoqda.