Xavfsizlik manbalaridan olingan maʼlumotlarga koʻra, uchrashuvda Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvining ikkinchi bosqichi va mintaqadagi soʻnggi vaziyat muhokama qilingan.
HAMAS vakillari sulh shartlariga qatʼiy rioya qilayotganliklarini bildirar ekan, Isroil tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar haqida Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MİT) rahbari Ibrohim Kalinga batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, Isroil armiyasining Qurbon hayiti kunlarida ham Gʻazo sektoriga uyushtirgan hujumlari uchrashuvning asosiy mavzularidan biri boʻldi.
Tomonlar Turkiyaning kafil (kafolat beruvchi) davlat sifatida Gʻazoda otashkesimni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini muhokama qildilar hamda Isroil tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarliklarning oldini olish uchun koʻrilishi lozim boʻlgan choralarni koʻrib chiqdilar.
Uchrashuvda, shuningdek, Quddus voqealari fonida butun mintaqani nishonga olgan Isroilning bosib olish va beqarorlashtirish siyosatiga qarshi turish zarurligi taʼkidlandi hamda kelishuv borasida hech qanday yon berishlarga yoʻl qoʻyilmasligi qayd etildi.
Muzokaralar davomida Isroilning sulhning birinchi bosqichi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishi lozimligi, siyosiy jarayonning borishi hamda Turkiya tomonidan Gʻazoga yetkazilayotgan insonparvarlik yordamlari masalalari ham diqqat markazida boʻldi. Mintaqa davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda bu yordamlar koʻlamini yanada kengaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar koʻrib chiqildi.
HAMAS delegatsiyasi Gʻazoda tinchlikni taʼminlash yoʻlidagi qatʼiy saʼy-harakatlari uchun Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻonga alohida minnatdorlik bildirdi. Uchrashuv yakunida Turkiya tomoni Gʻazo sektorida barqaror va adolatli tinchlik oʻrnatishga qaratilgan diplomatik harakatlarini izchil davom ettirishini taʼkidladi.




















