Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan, AQSh Prezidenti Donald Trampning 7 – 8 - iyul kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida ishtirok etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Fidan dushanba kuni Singapurga uyushtirgan tashrifi chog‘ida Bloomberg TV telekanaliga bergan intervyusida, Trampning Anqaradagi NATO sammitida qatnashishi haqidagi savolga: «Bizga ma’lum bo‘lishicha, ha, u sammitda ishtirok etishni rejalashtirmoqda», - deya javob berdi.
Uning ta’kidlashicha, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an o‘tgan oy davomida Tramp bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qilgan va AQSh prezidenti har safar sammitda qatnashishini bildirgan.
Fidan siyosiy bayonotlarga qaramay, AQSh NATO ittifoqiga sodiq qolayotganini ta’kidlab, Vashingtonning uning tarkibidan chiqish niyatida ekaniga oid hech qanday ishora yo‘qligini qayd etdi.
Hakan Fidan mavzu haqida shuningdek: «AQSh ittifoqdosh davlatlarni mudofaa xarajatlarini oshirishga va o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyatni zimmasiga olishga muntazam ravishda undab kelmoqda. Yevropa davlatlari bu chaqiriqni inobatga oldi va NATO doirasida mudofaa byudjetlarini oshirish bo‘yicha allaqachon qadamlar tashladi. Yetakchilar uchrashganda erishilgan natijalarni ko‘rib chiqamiz», - dedi.
Shuningdek, vazir Anqaraning AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarni qo‘llab - quvvatlashini bildirib, har ikki tomon sulhni uzaytirish uchun samimiy sa’y - harakatlar olib borayotganini ta’kidladi.
Otashkesim yoki sulhga qaramay, Isroilning Livan janubida Hizbullohga qarshi uyushtirayotgan hujumlari muzokaralarga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi ustidan ham ogohlantirgan Fidan so‘zlari davomida: «Amerikaliklar ham, eronliklar ham bu masalada samimiy ekaniga ishonaman. Ular sulh saqlanib qolishini va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochiq bo‘lishini istaydi. Ammo Isroilning niyatiga ishonchim komil emas», - dedi.
AQSh bilan Isroil fevral oyida Eronga qarshi hujumlar uyushtirganidan buyon Yaqin Sharqdagi keskinlik yanada kuchaydi. Tehron bunga javoban Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopish tahdidi bilan chiqdi hamda Fors ko‘rfazidagi AQSh va Isroilning ittifoqchilariga qarshi hujumlar uyushtirdi.
Pokiston o‘rtamchiligida erishilgan sulh 8 - aprel kuni kuchga kirgan bo‘lsa - da, Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda doimiy kelishuvga erishilmadi.
Shundan buyon tomonlar to‘g‘ridan - to‘g‘ri muzokaralarni qayta tiklash va mojaroga barham berish maqsadida o‘zaro taklif hamda qarshi takliflar almashishda davom etmoqda.



























