Malayziya Isroilning Al-Aqso masjididagi xatti-harakatlarini "keskin provokatsiya" sifatida qoraladi.
Malayziya hukumati Falastinning bosqin ostidagi Sharqiy Quddus hududida joylashgan muqaddas Al-Aqso masjidiga isroillik ashaddiy muhojirlar tomonidan uyushtirilgan so‘nggi hujumlarni, jumladan, majmua ichida Isroil bayrog‘i ko‘tarilishini keskin qoraladi. Rasmiy Kuala-Lumpur ushbu harakatlarni og‘ir provokatsiya hamda muqaddas qadamjo daxlsizligini poymol qilish deb baholadi.
Malayziya Tashqi ishlar vazirligi seshanba kuni e’lon qilgan bayonotda Al-Aqso masjidini yahudiylashtirishga qaratilgan har qanday urinish jirkanch harakat ekanini hamda bu majmuaning muqaddasligiga tajovuz hisoblanishini bildirdi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yakshanba kuni bir guruh isroillik muhojirlar politsiya himoyasida Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, uning hovlisida provokatsion diniy marosimlar o‘tkazgan va ichkarida Isroil bayroqlarini namoyishkorona ko‘targan.
Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, Isroil hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan muhojirlarning ushbu xatti-harakatlari hududdagi mavjud status-kvoni hamda Al-Aqsoning madaniy, tarixiy va diniy o‘ziga xosligini (identifikatsiyasini) o‘zgartirishga qaratilgan.
"Bunday harakatlar provokatsion xarakterga ega bo‘lib, aslo qabul qilib bo‘lmaydi. Ular Quddusdagi islomiy muqaddas joylar ustidan tarixan o‘rnatilgan vasiylik (boshqaruv) rolini ham inkor etadi. Dushmanlik va tajovuzkorlik ochiq-oydin davom etayotgan bir paytda xalqaro hamjamiyat jim turmasligi kerak", — deyiladi TIV munosabatida.
Malayziya xalqaro hamjamiyat va Birlashgan Millatlar Tashkilotini (BMT) muqaddas maskandagi huquqbuzarliklarga barham berish hamda Isroilni xalqaro huquq oldida javobgarlikka tortish bo‘yicha tezkor va qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi.
Falastin xalqi bilan birdamligini yana bir bor tasdiqlagan Malayziya, 1967-yilgi urushgacha bo‘lgan chegaralar doirasida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tashkil etishni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini takrorladi.
Ma’lumot o‘rnida, Isroil politsiyasi 2003-yildan buyon (juma va shanba kunlaridan tashqari) har kuni muhojirlarning tonggi va tushdan keyingi namoz vaqtlarida majmua hududiga yakka tartibda kirishiga ruxsat berib kelmoqda.
Falastin tomoni Isroil hukmati bosqin ostidagi Sharqiy Quddusni, xususan, Al-Aqso masjidini tizimli ravishda yahudiylashtirishga urinayotganini, shaharning arab va islomiy qiyofasini yo‘qotishga harakat qilayotganini bot-bot ta’kidlaydi.
Xalqaro rezolyutsiyalarga tayanadigan falastinliklar Isroilning 1967-yilgi bosqinini ham, 1980-yilgi anneksiya hujjatlarini ham tan olmaydi hamda Sharqiy Quddusni kelajakda quriladigan mustaqil davlatlarining ajralmas poytaxti deb biladi.

















