Eron ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, mamlakatning Qeshm orolida portlash ovozlari eshitilgan.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IKMK) AQSHning Quvaytdagi bazalariga qilingan hujumlar Eron janubidagi Qeshm oroliga Amerika tomonidan berilgan zarbalardan so‘ng boshlanganini ma’lum qildi. IKMK Aerokosmik kuchlari bayonotida aytilishicha, Quvaytdagi AQSH harbiy bazalariga raketa zarbalari Qeshm orolida Eron suverenitetining buzilishiga javoban amalga oshirilgan. Korpus Eronga qarshi har qanday keyingi hujumga "qat’iy" javob qaytarilishidan ogohlantirdi va bu harakatlarda ishtirok etgan barcha kuchlar jiddiy oqibatlarga duch kelishini bildirdi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Qeshm oroliga zarbalar berilganini tasdiqladi. "AQSH kuchlari Eronning bir qancha ballistik raketalari va dronlarini muvaffaqiyatli bartaraf etdi hamda 2-iyun kuni Yaqin Sharqdagi Eron hujumlariga javoban Qeshm orolidagi obyektlarga o‘zini mudofaa qilish maqsadida zarbalar berdi", — deyiladi CENTCOMning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida. Qo‘mondonlik, shuningdek, Amerika kuchlari fuqarolik kemalariga yo‘naltirilgan Eronning uchta kamikadze-dronini urib tushirganini qo‘shimcha qildi. Hujumlar oqibatida AQSH harbiy xizmatchilaridan hech biri jarohat olmagan.
Quvayt havo mudofaa tizimlari ishga tushdi
Quvayt armiyasining ma’lum qilishicha, mamlakat havo mudofaa tizimlari chorshanba kuni tongda dushmanona raketa va dron hujumlarini muvaffaqiyatli qaytargan. Harbiy idoraga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab eshitilgan portlash ovozlari havo mudofaa tizimlari tomonidan ob’ektlarni havoda yo‘q qilish amaliyoti oqibatidir. Hozircha voqeaning boshqa tafsilotlari mavjud emas.
Yaqin Sharqdagi mintaqaviy taranglik fevral oyi oxiridan buyon keskin kuchaygan. AQSH va Isroilning Eronga bergan havo zarbalari oqibatida 3000 dan ortiq odam halok bo‘ldi, qurbonlar orasida Eron Oliy rahbari Ali Xamanaiy, bir qator yuqori martabali harbiy qo‘mondonlar va hukumat mulozimlari bor. Pokiston vositachiligida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 8-aprel kuni kuchga kirgan edi, biroq keng ko‘lamli tinchlik bitimiga erishish bo‘yicha urinishlar hozircha natija bermayapti.














