AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) tomonidan «X» ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy hisobi orqali berilgan bayonotda shunday deyiladi: «Bugun erta tongda Yaqin Sharqdagi AQSh kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xalqaro dengiz qatnoviga tahdid solayotgan Eronga tegishli ikkita kamikadze insonsiz havo transportini urib tushirdi. AQSh kuchlari Eron hujumiga qarshi mudofaani davom ettirish uchun joylashtirildi va (mudofaaga) tayyor holatda turibdi».
O‘zaro javob hujumlari davom etmoqda. Bu hujumlar Eron tomonidan shanba kuni AQShning ittifoqchilari bo‘lgan Bahrayn va Kuvaytga qarshi raketa hujumi uyushtirilganidan keyin ham to‘xtamadi. Holbuki, Vashington bilan Tehron o‘rtasida urushni tugatishga qaratilgan bilvosita muzokaralar bir necha haftadan beri davom etayotgan edi.
Shanba kuni erta tongda CENTCOM Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Fors ko‘rfazi mamlakatlarini nishonga olgan hujumlar ortidan Eronning Sirik va Keshm orolidagi qirg‘oq kuzatuv radar obyektlariga zarba berganini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik Inqilobiy gvardiya armiyasi bergan bayonotda, ushbu hujumlarga javob tariqasida mintaqadagi AQSh harbiy bazalari raketalar bilan nishonga olingani bildirildi.


















