DUNYO
1 daqiqa o'qish
Azov dengizidagi yuk kemalariga uyushtirilgan hujumda besh nafar ozarbayjonlik halok bo‘ldi
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ozarbayjonning Rossiyadagi elchixonasidan ko‘plab xodimlar voqea joyiga yuborilganini ma’lum qildi.
Azov dengizidagi yuk kemalariga uyushtirilgan hujumda besh nafar ozarbayjonlik halok bo‘ldi
2022-yil 9-fevral kuni Ukrainaning Mariupol shahri qirg‘oqlari yaqinidagi Azov dengizida Ukraina dengiz qo‘riqchilari tasvirlangan. / AA

Azov dengizining Taganrog ko‘rfazi hududida ikki xorijiy yuk kemasi tungi dronlar hujumiga uchrashi oqibatida besh nafar Ozarbayjon fuqarosi halok bo‘ldi, yana uch nafari jarohatlandi.

Juma kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayxan Gadjizoda bergan bayonotda, hujumga uchragan kemalar “Natra” va “Zirkon” ekani hamda ularning ekipajlari tarkibida jami 25 nafar Ozarbayjon fuqarosi bo‘lgani ma’lum qilindi.

“Ushbu ikki yuk kemasi Ozarbayjon davlati mulki hisoblanmaydi. Rossiya rasmiylaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida besh nafar fuqaromiz hayotdan ko‘z yumgan, uch nafari esa jarohatlangan. Yarador ekipaj a’zolari Rossiyaning Yeysk shahridagi shifoxonaga joylashtirildi”, — dedi Gadjizoda.

Vazirlik rasmiysiga ko‘ra, ayni paytda tegishli davlat idoralari, mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari hamda voqeaga aloqador davlatlarning mas’ul organlari bilan yaqin aloqa o‘rnatilgan. Shuningdek, vaziyatni aniqlashtirish va amaliy ko‘mak berish uchun Ozarbayjonning Rossiyadagi elchixonasidan bir guruh xodimlar zudlik bilan voqea joyiga safarbar etilgan.

“Fuqarolarimizning ahvoli, ularning jasadlarini vatanga qaytarish va zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar TIVning doimiy nazoratida turibdi”, — deya qo‘shimcha qildi Ayxan Gadjizoda.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etib, jarohatlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishni tiladi.

Hozircha havo hujumi sharoitlari, zarbalarning kim tomonidan berilgani yoki kemalardagi yuklarning xususiyati to‘g‘risidagi qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlanmadi.