Turkiya tarixiy Hijoz temir yo‘lini modernizatsiya qilib, uni Ummongacha uzaytirish orqali Hormuz bo‘g‘oziga muqobil global savdo yo‘lini yaratmoqchi. Bu haqda Turkiya transport va infratuzilma vaziri chorshanba kuni ma’lum qildi.
"Anadolu" agentligining "Muharrirlar stoli" (Editör Masası) ko‘rsatuvida so‘zga chiqqan Abdulkadir Uralog‘lu mamlakat ushbu tarixiy yo‘nalishni ham turizm, ham zamonaviy tranzit uchun qayta tiklashni maqsad qilganini aytdi.
Vazirning tushuntirishicha, loyihaning boshlang‘ich bosqichida Turkiyani Halab (Aleppo) bilan bog‘lash, mavjud Halab–Damashq–Iordaniya tarmog‘idan foydalanish va Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan muzokaralarni davom ettirish ko‘zda tutilgan. U yakuniy maqsad liniyani Ummongacha uzaytirib, ochiq okeanga chiqish ekanini va bu Hormuz bo‘g‘ozi uchun strategik muqobil variant bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
Iroqning Basra ko‘rfazidan Turkiya chegarasigacha cho‘zilgan 1200 kilometrlik "Taraqqiyot yo‘li" (Rivojlanish yo‘li) loyihasi haqida gapirar ekan, Uralog‘lu loyihalash bosqichi yakunlanganini tasdiqladi. Avtomagistrallar, temir yo‘llar, energetika va aloqa liniyalarini o‘z ichiga olgan ushbu ulkan koridor BAA, Qatar, Iroq va Turkiya hamkorligida, xalqaro moliyalashtirish ko‘magida amalga oshiriladi. Vazir loyihaning qurilish bosqichiga o‘tishdan oldin mintaqadagi vaziyat barqarorlashishini kutayotganliklarini qayd etdi.
"Markaziy koridor"ning (O‘rta yo‘lak) strategik qismi bo‘lgan Zangezur yo‘lagiga to‘xtalar ekan, vazir Turkiya hududidagi 224 kilometrlik Kars–Iydir–Aralik–Diluju liniyasi bo‘yicha tender yakunlangani va ishlar boshlanganini ma’lum qildi. Ozarbayjon tomonidagi ishlar yakunlanish bosqichiga yetgan bir paytda, vazirlik Armaniston hududi orqali o‘tuvchi Zangezur yo‘lagini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ushbu yo‘lak orqali Turkiyani turk dunyosi va Markaziy Osiyo bilan yanada qisqa yo‘l orqali bog‘lash ko‘zlangan.
Istanbuldagi temir yo‘l tranziti masalasiga to‘xtalgan Uralog‘lu Yavuz Sultan Selim ko‘prigi orqali temir yo‘l tarmog‘ini o‘tkazish loyihasini yuk tashish quvvatini oshirishdagi muhim qadam deb atadi. Vazir mazkur loyihani Jahon banki yetakchiligidagi oltita xalqaro moliya instituti tomonidan moliyalashtirish ta’minlangani va dastlabki kelishuvlar imzolanganini e’lon qildi.
Uralog‘luning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda tender e’lon qilinishi va yil yakuniga qadar qurilish ishlari boshlanishi kutilmoqda. Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yuk hamda yo‘lovchi poyezdlari qatnovidagi tirbandlik muammosini hal etishga qaratilgan ushbu loyiha uchun 6,75 milliard dollarlik kredit mablag‘i yo‘naltiriladi.




















