Eron davlat televideniyesi — Eron Islom Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi (IRIB) xabariga ko‘ra AQSh urushni tugatishga qaratilgan 10 banddan iborat taklifni prinsip jihatdan qabul qilganini ma’lum qildi.
Eron Oliy Milliy xavfsizlik kengashi chorshanba kuni erta tongda ushbu taklif kengroq kelishuvga erishishni ko‘zlagan muzokaralar uchun asosiy halqa vazifasini o‘tashini bildirdi.
IRIB bayonotga tayangan holda taklif tajovuzkor harakatlarga qarshi kafolatlar, Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratini saqlab qolish hamda uranni boyitish huquqining tan olinishini o‘z ichiga olishini qayd etdi.
Rejaga, shuningdek, AQShning barcha birlamchi va ikkilamchi sanksiyalarini bekor qilish; BMT Xavfsizlik kengashi hamda Xalqaro Atom Energiyasi Agentligi (UAEA)ning Eronga qarshi qarorlarini tugatish, Tehronga kompensatsiya to‘lash va AQSh harbiy kuchlarini mintaqadan olib chiqish talablari kiritilgan.
Muzokaralar uchun asos
Kengash yakuniy kelishuv Eron shartlarining bajarilishi va tafsilotlarning aniqlashtirilishiga bog‘liq ekanini ta’kidladi. Muzokaralar davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tish Eron qurolli kuchlari bilan muvofiqlashtirilgan holda ta’minlanadi.
Muzokaralar juma kuni Pokiston o‘rtamchiligida Islomobodda boshlanishi va ikki hafta davom etishi kutilmoqda.
AQSh Prezidenti Donald Tramp avvalroq Tehron taklifini muzokaralar uchun “amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan asos” deb baholab, Vashington shu muddat davomida Eronga qarshi hujumlarni to‘xtatishini bildirgan edi.
Eron OAVlariga ko‘ra taklif AQShning barcha birlamchi va ikkilamchi sanksiyalarini bekor qilish, BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlari hamda UAEA Boshqaruv kengashining Eronga qarshi choralarini tugatish va kompensatsiya to‘lashni nazarda tutadi.
Reja, shuningdek, AQSh harbiy kuchlarining mintaqadan chiqib ketishi va Livan hamda boshqa barcha jabhalardagi hujumlarning to‘xtatilishini ham o‘z ichiga oladi. Eron OAVlarida e’lon qilingan qo‘shimcha tafsilotlar ushbu taklif urushni yakunlash uchun keng ko‘lamli asos yaratishini ko‘rsatmoqda.
New York Times nashrining xabariga ko‘ra Pokiston o‘rtamchilari orqali yetkazilgan mazkur reja mojaroni tugatish va barqaror yechim topish uchun kompleks yo‘l xaritasi hisoblanadi.
Taklif, shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini dengiz qatnovi uchun qayta ochishni, har bir kema uchun 2 million dollar miqdoridagi to‘lov esa Eron va Ummon o‘rtasida taqsimlanishini nazarda tutadi.
Eron to‘g‘ridan - to‘g‘ri kompensatsiya o‘rniga, tranzit daromadlaridan olinadigan ulushni AQSh va Isroil hujumlari oqibatida ziyon ko‘rgan infratuzilmani tiklash uchun ishlatadi.











