Prezident Rejep Tayyib Erdo‘g‘an juma kuni Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) tashkil topishining 25 - yilligini nishonlab, harakatning eng katta yutuqlari hali oldinda ekanini ma’lum qildi.
Anqaradagi «Başkent Millet Bahçesi»da o‘tkazilgan yubiley tadbirida nutq so‘zlagan Erdo‘g‘an ushbu sanani «tarixiy kun» deb atab, partiya 2001 - yilda tashkil topganidan buyon Turkiyani o‘zgartirib kelayotganini ta’kidladi.
«AK Parti 25 yil avval xalqimizning umidi sifatida dunyoga keldi!» - degan Erdo‘g‘an partiyaning saylovchilar orasidagi mustahkam o‘rniga alohida e’tibor qaratdi.
Siyosatdagi yangi o‘yinchidan Turkiyaning yetakchi siyosiy kuchigacha
Erdo‘g‘an Istanbul meri lavozimidan keyin rahbarlik qilgan va 2001 - yilning 14 - avgusti kuni tashkil etilgan AK Parti qisqa vaqt ichida Turkiyaning siyosiy manzarasini tubdan o‘zgartirdi.
Erdo‘g‘an partiya iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim va transport sohalarida yirik investitsiyalar va loyihalarni amalga oshirish bilan birga o‘ziga bo‘lgan milliy ishonchni ham mustahkamlaganini bildirdi.
Partiyaning saylovlardagi natijalari 1946 - yili boshlangan Turkiyaning ko‘ppartiyaviy siyosiy hayotida misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatni namoyon etdi. Partiya siyosiy faoliyati davomida ketma - ket saylovlardagi g‘alabalar natijasida to‘rt bosh vazir va ikki prezidentni yetishtirdi.
Erdo‘g‘an partiyaning uzoq yillik muvaffaqiyatini saylovchilar bilan aloqali ekanini ifoda etib, harakat o‘ziga ishonib topshirilgan vakolat va imkoniyatlardan mamlakatni rivojlantirish va kuchaytirish yo‘lida foydalanganini ta’kidladi.
«Hali qiladigan ishlarimiz ko‘p»
Kelajakka oid fikrlarini ham bildirgan Prezident Erdo‘g‘an partiya 25 yillik hokimiyatdan so‘ng faoliyatini susaytirishi kerak, degan har qanday iddaoni rad etdi.
«Chorak asr davomida katta ishlarni amalga oshirdik ammo ishlar tugamadi va hech qachon tugamaydi. Hech kim bizdan charchashimizni kutmasin. 25 yil davomida har tongni go‘yo yangidan boshladik. Har tong ishimizga ilk kundagidek ishtiyoq bilan kirishdik» - deya qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an; harakat Turkiyani 2053 va 2071 - yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli maqsadlariga yetkazishga yordam berishini bildirdi.
AK Partining Turkiya kelajagini shakllantirishda davom etishiga va’da bergan Erdo‘g‘an tarafdorlariga: «Hali qiladigan ishlarimiz ko‘p» - dedi.
Erdo‘g‘an AK Parti Tashkiliy kengashi yig‘ilishida bir ovozdan partiya raisi etib saylangan edi. Shu tariqa partiyaning siyosiy faoliyati boshlandi va qator saylovlardagi g‘alabalar natijasida to‘rt bosh vazir hamda ikki prezidentni yetishtirdi.















