AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan olib borilayotgan muzokaralarni “tartibli va konstruktiv” deb baholadi. Biroq u yakuniy kelishuvga erishilgunga qadar blokada saqlanib qolishini ta’kidladi.
“Kelishuv to'liq shakllantirilib, ratifikatsiya qilinmaguncha va imzolanmaguncha, blokada to'liq kuchda va amalda qoladi. Ikkala tomon ham shoshilmasdan, ishni puxta bajarishi kerak. Xatoga mutloq yo'l qo'yilmaydi!” — deb yozdi Tramp yakshanba kuni o'zining "Truth Social" ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida.
U, shuningdek, Vashington va Tehron munosabatlari “yanada professional hamda samarali” tus olayotganini qo'shimcha qilib, Eron hech qachon yadroviy qurol yaratmasligi yoki unga ega bo'lmasligi shartligini yana bir bor eslatib o'tdi.
Tramp Yaqin Sharq mamlakatlariga AQSh bilan ko'rsatgan “qo'llab-quvvatlashi va hamkorligi” uchun minnatdorchilik bildirar ekan, “Ibrohim kelishuvlari” (Abraham Accords) doirasida kengroq ishtirok orqali aloqalar mustahkamlanishini aytdi va kelajakda Eron ham ushbu tizimga qo'shilishi mumkinligini inkor etmadi.
O'z nutqida Oq uy rahbari 2015-yildagi Eron yadroviy bitimini keskin tanqid qilib, uni “tarixdagi eng yomon kelishuvlardan biri” deb atadi. U sobiq prezident Barak Obama ma'muriyatini yadroviy qurol ishlab chiqishga bilvosta yo'l ochib bergan xatolar uchun aybladi.
“Puxta va adolatli” kelishuv
Tramp hozirgi muzokaralar “ancha yaxshiroq” va samaraliroq strategiyaning bir qismi ekanini, davom etayotgan bu jarayon Tehronni yadroviy qurollanishdan to'liq to'sishini ta'kidladi.
Keyinroq e'lon qilgan postida Tramp Eron bilan tuziladigan har qanday yangi bitim “puxta va munosib” bo'lishini yozdi. U Obama davridagi shartnomani Tehronga “katta miqdorda naqd pul” va “yadro quroliga ochiq yo'l” berganlikda iddao qildi. Tramp hozirgi jarayon o'sha davrdagiga “mutloq qarama-qarshi” ekanini, biroq hujjat hali to'liq yakuniga yetmaganini bildirdi.
AQSh prezidenti o'z yondashuvini tanqid qilayotganlarni ham rad etib, ularning jarayondan mutloq bexabar ekanini aytdi hamda avvalgi ma'muriyatlardan farqli o'laroq, o'zi “hech qachon yomon bitimlar tuzmasligi”ni qo'shimcha qildi.
Eron tomonining munosabati
Shu bilan birga, Eron ommaviy axborot vositalari yakshanba kuni Vashington va Tehron o'rtasida potensial kelishuvning bir necha bandlari bo'yicha hamon kelishmovchiliklar mavjudligini xabar qildi.
“Muzokaralarda ma'lum bir siljishlar bo'lganiga qaramay, kelishuvning ayrim bandlariga, jumladan Eronning xorijdagi muzlatilgan aktivlarini ozod etish masalasiga AQSh tomonidan to'sqinlik qilinishi davom etmoqda,” — deb yozadi Eronning yarim-rasmiy "Tasnim" axborot agentligi.














