Buyuk Britaniya havo harakatini boshqarish xizmatidagi texnik nosozlik sababli ikki kun ichida mamlakat aeroportlarida 1 400 dan ortiq aviareys bekor qilindi. Bu holat yo‘lovchilarning keng ko‘lamli safar rejalari buzilishiga olib keldi.
Samolyotlar parvozini kuzatuvchi FlightRadar24 portali ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kungi 1 300 dan ortiq parvoz bekor qilinganidan keyin, chorshanba kuni ham yana kamida 177 ta reys jadvaldan olib tashlangan. Platformaning aniqlik kiritishicha, so‘nggi bekor qilingan reyslarning deyarli barchasi Londonning eng gavjum havo bandargohi — Heathrow aeroportiga to‘g‘ri kelgan.
Heathrow tizimdagi nosozlikdan eng ko‘p zarar ko‘rdi.
Milliy havo harakati xizmati (NATS) "tizim muammosi" ortidan yuzaga kelgan murakkab oqibatlarni bartaraf etish ustida hali ham ish olib borayotganini bildirdi.
"Bu juda murakkab tiklanish jarayoni bo‘ldi va butun aviatsiya tarmog‘ida jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirdi. Tizimning to‘liq tiklanishi uchun ma’lum vaqt talab etiladi", — deb yozdi NATS tashkiloti X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq Twitter) rasmiy sahifasida.
Britaniya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, mamlakat Transport vaziri Xeydi Aleksandr (Heidi Alexander) vaziyat yuzasidan izoh olish uchun chorshanba kuni NATS bosh ijrochi direktori Martin Rolf (Martin Rolfe) bilan uchrashadi.
Mazkur inqiroz o‘tgan yilning iyul oyida yuz bergan boshqa bir texnik nosozlikni yodga soldi. O‘shanda ham o‘nlab reyslar to‘xtatilib, aviakompaniya rahbarlarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan edi. Hozirda aviakompaniyalar jabrlangan yo‘lovchilarga parvoz holatlarini tekshirish, chiptalarni qayta bron qilish yoki pullarini qaytarib olish tartibini bilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z tashuvchilari bilan bog‘lanishni tavsiya qilmoqda.



















