Meta kompaniyasi payshanba kuni Avstraliyada 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarga tegishli deb topilgan jami 756 mingta Facebook va Instagram akkaunti faoliyati o‘chirilganini ma'lum qildi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, 30-iyunga qadar 462 mingta Instagram va 294 mingta Facebook akkaunti bloklangan.
Ma'lumot uchun, Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib ijtimoiy tarmoqlar uchun minimal yosh chegarasini 16 yosh etib belgiladi va bu cheklovlar 2025-yil dekabrida kuchga kirgan edi. Qonun rasman kuchga ungunga qadar 500 mingdan ortiq profil o‘chirilgan bo‘lib, keyingi oylarda bu jarayon davom etgan.
Hozirda boshqa davlatlar ham bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash choralarini ko‘rmoqda. Xususan, Fransiya 15 yoshdan kichiklar uchun mamlakat miqyosida taqiq joriy etgan bo‘lsa, Ispaniya, Malayziya va boshqa qator davlatlar ham shunga o‘xshash yosh cheklovlarini joriy etishni muhokama qilmoqda.
Meta nazorat choralari davom etishini va o‘chiriladigan akkauntlar soni yana oshishini bildirdi. Kompaniya foydalanuvchilarning yoshini aniqlash uchun sun'iy intellektdan foydalangan bo‘lib, postlar, izohlar, tarjimayi hol (bio) va rasmlardagi tug‘ilgan kunlar yoki sinf darajasiga oid ma'lumotlar tahlil qilingan.
Shuningdek, Meta ota-onalar va boshqa foydalanuvchilarga shubhali akkauntlar haqida shikoyat qilish imkonini beruvchi soddalashtirilgan tizimni joriy etib, bu kabi murojaatlarni sun'iy intellekt yordamida ko‘rib chiqishni yo‘lga qo‘ydi.
Kompaniya bloklangan shaxslarning qaytadan yangi sahifa ochishining oldini olish bo‘yicha xavfsizlik choralarini kuchaytirdi hamda Avstraliyadagi Apple App Store do‘konida o‘z platformalarining yosh reytingini 16+ darajasiga o‘zgartirdi.


















