DUNYO
2 daqiqa o'qish
Tramp: Oraliq saylovlarda respublikachilarga ovoz bermaganlar “do‘zaxga tushadi”
AQSh Prezidenti respublikachilar Kongressning har ikki palatasidagi nazoratni saqlab qolishga urinayotgan bir paytda, Dallasdagi qurultoyda tarafdorlaridan ovoz berishga va’da berishni talab qildi.
Tramp: Oraliq saylovlarda respublikachilarga ovoz bermaganlar “do‘zaxga tushadi”
"19 oy ichida bergan har bir va'damning ustidan chiqdim", – dedi Tramp. / Reuters

AQSh Prezidenti Donald Tramp tarafdorlarini noyabr oyidagi oraliq saylovlarda respublikachilarga ovoz berishga chaqirdi. U tarafdorlaridan saylovga borishga qasam ichishni so‘radi hamda demokratlarning g‘alabasi o‘z ma’muriyati kun tartibiga tahdid solishi haqida ogohlantirdi.

Payshanba oqshomida Texas shtatining Dallas shahrida o‘tkazilgan Respublikachilar partiyasining oraliq saylovlar qurultoyini yakunlagan Tramp qatnashchilardan 3-noyabr kuni yoki muddatidan oldin ovoz berish jarayonida qatnashishga, shuningdek, do‘stlari va oila a’zolarini ham birga olib kelishga qasam ichishni so‘radi.

Olomon oldida nutq so‘zlagan Tramp demokratlarni saylovlarda hiyla ishlatishda aybladi va tarafdorlariga quyidagi qasamni takrorlatdi:

“Amerika Qo‘shma Shtatlari tarixidagi eng buyuk prezidentga sodiqman... Do‘stlarim va oilamni birga olib kelaman hamda 3-noyabr kuni yoki undan oldin ovoz beramiz... Ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganimning ahamiyati yo‘q. Men ham ular kabi hiyla ishlatishga harakat qilaman”.

Qasamdan keyin Tramp shunday dedi:

“Ovoz bermasangiz, nima bo‘lishini bilasizmi? Do‘zaxga tushasiz”.

Tramp amaldagi prezident partiyasining oraliq saylovlarda o‘rin yo‘qotishiga doir tarixiy tendensiyani o‘zgartirib, Vakillar palatasi va Senatda respublikachilar nazoratini saqlab qolishga va’da berdi.

U demokratlar yana hokimiyatga kelgan taqdirda, “odamlarning boyliklarini musodara qilishi, Texasdagi neft va gaz sanoatini yo‘q qilishi”, shuningdek, “ikki yil avval kuzatilganidek, talonchilik, zo‘rlash va qotillik sodir etishi uchun jinoyatchilarni ozod qilishi”ni da’vo qildi.

Tramp o‘z yutuqlarini sanab o‘tdi

Tarafdorlarini birlashtirishga uringan Tramp saylovoldi kampaniyasida bergan barcha va’dalarini bajarganini ta’kidladi.

“19 oy ichida bergan har bir va’damni bajardim”, degan Tramp, “Amerikaning o‘sha qorong‘i davrini ortda qoldirib, uni Amerikaning oltin davriga aylantirdik”, deya qayd etdi.

Fond bozori ko‘rsatkichlarining oshishi, retsept asosida sotiladigan dori-darmonlar narxining pasayishi va harbiy xarajatlarning ko‘payishiga e’tibor qaratgan Tramp, o‘z ma’muriyati AQShni “dunyoning energetika va harbiy superdavlati”ga aylantirganini aytdi.

Prezident, shuningdek, noqonuniy chegaradan o‘tish holatlari deyarli butunlay bartaraf etilganini bildirib, migratsiya siyosatini maqtadi. U qo‘shimcha ish haqi, choychaqa va ijtimoiy ta’minot to‘lovlari uchun Kongress orqali yangi soliq imtiyozlarini qabul qildirgani bilan ham faxrlandi.

“Mamlakat radikallarga tegishli emas”

Trampdan oldin kechaning asosiy nutqini so‘zlagan vitse-prezident Jey Di Vens ham respublikachilarni partiyaning Kongressdagi ko‘pchiligini saqlab qolish uchun ovoz berishga chaqirdi.

Vens shunday dedi:

“Faqat u yoki bu siyosiy masalada biz bilan bir fikrda bo‘lmaganingiz uchun mamlakatni bir guruh telba odamlarga topshirmang”.

U so‘zlarini quyidagicha davom ettirdi:

“Bu noyabrda mamlakat radikallarga tegishli emasligini ko‘rsatuvchi xabar berishimiz kerak. U byurokratlarga ham, eng yuqori narxni taklif qilganlarga ham tegishli emas”.

Vens va Tramp o‘z tarafdorlarini nafaqat noyabrdagi oraliq saylovlarga, balki 2028-yilgi prezidentlik saylovlariga ham tayyorlamoqda. Tramp Oq uydagi ikkinchi muddatini yakunlagach, uchinchi muddatga nomzod bo‘la olmaydi. Bunday vaziyatda Vens uning ehtimoliy vorisi sifatida ko‘rilmoqda.