Rossiya Turkiyaning Ukraina inqirozini hal etishga qaratilgan tashabbuslarini diqqat bilan ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi Matbuot xizmati kotibi Mariya Zaxarova mavzu haqida yozma ravishda bergan bayonotida, Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidanning, Rossiya bilan Ukrainaga Qora dengizdagi harbiy faoliyatga moratoriy joriy etish haqidagi taklifiga munosabat bildirdi.
Zaxarova, ayniqsa, muhim mintaqaviy aktyor va Qora dengizdagi qo‘shni davlat bo‘lgan Turkiyadan kelayotgan tinchlik tashabbuslarini Rossiya an’anaviy ravishda diqqat bilan ko‘rib chiqishini ta’kidlab: “Turkiya tomonidan ushbu tashabbusning shartlarini batafsil tushuntiruvchi rasmiy murojaat Rossiya tomoniga hozircha tegishli kanallar orqali kelib tushmagan”, - dedi.
Zaxarova Moskva avval Qora dengizdagi harbiy faoliyatni to‘xtatishga qaratilgan “Qora dengiz tashabbusi”ga qaytishni ma’qul deb hisoblamasligini bildirib, “Kelishuvni amalga oshirishning sharti ikkinchi tomonning ham xuddi shunday qarshi qadamlar tashlashi edi biroq ular amalga oshirilmadi”, - deya gapirdi.
Ayni paytda Ukraina armiyasiga tegishli insonsiz havo transportlari (IHT) Qora dengizga qirg‘oqdosh mamlakatlarning fuqarolik kemalariga muntazam ravishda “terrorchilik harakatlari” uyushtirayotganini bildirgan Zaxarova, bu hujumlarni Qora dengiz mintaqasidagi fuqarolik dengiz tashuvlarini beqarorlashtirishga qaratilgan qasddan olib borilayotgan siyosat sifatida baholayotganlarini ta’kidladi.
Mariya Zaxarova, “Shu bilan birga, vaziyatning yaxshilanishi uchun hech qanday shart - sharoitlar yo‘q. Shu bois Kiyev rejimiga faqat vaqtinchalik nafas rostlash imkonini beradigan yarim choralarni qo‘llash uchun ham hech qanday asos ko‘rmayapmiz”, - deya izoh berdi.
Rossiya vakili Ukraina inqirozini hal qilish faqat uning asosiy sabablarini bartaraf etish sharti bilangina mumkin ekanini bildirdi.
Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya Davlat televideniye va radio kompaniyasiga bergan intervyusida Turkiyaning haqiqatan ham Qora dengiz barqarorligi tarafdori ekanini ta’kidlab, Anqaraning Qora dengizda kemalarga hujum qilinmasligi borasida kelishuvga erishish kerakligini ma’lum qilganini eslatdi.















