Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar Xitoy bilan qariyb 15 milliard dollarlik investitsiyani nazarda tutuvchi hamkorlik doirasida jami 7 ming megavattlik quyosh va shamol elektr stansiyalari, yangi energiya saqlash tizimlari hamda 4 ming megavattlik elektr uzatish infratuzilmasini ishga tushirishni maqsad qilganliklarini ma’lum qildi.
Bayraktar X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Milliy energetika boshqarmasi bilan imzolangan anglashuv memorandumi yuzasidan post qoldirdi.
Vazir Bayraktar o‘z xabarida shunday dedi: "COP31 doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Milliy energetika boshqarmasi bilan ‘Qayta tiklanuvchi energiya sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi’ imzolandi. Mamlakatimizga qariyb 15 milliard dollarlik ulkan investitsiya kiritilishini ko‘zda tutuvchi ushbu kelishuv orqali jami 7 ming megavattlik quyosh va shamol elektr stansiyalarini, yangi energiya saqlash tizimlarini hamda 4 ming megavattlik elektr uzatish infratuzilmasini hayotga tatbiq etishni maqsad qilganmiz."
Mazkur hamkorlik qayta tiklanuvchi energiya quvvatini oshirish bilan bir qatorda texnologiyalar transferiga ham hissa qo‘shishini ta’kidlagan Bayraktar quyidagilarni qayd etdi:
"Ushbu hamkorlik nafaqat qayta tiklanuvchi energiya quvvatimizni oshiradi, balki texnologiyalar transferini ta’minlash orqali shamol turbinasi uskunalarining mamlakatimizda ishlab chiqarilishiga va mahalliy sanoatimizning rivojlanishiga ham juda katta hissa qo‘shadi. ‘Milliy energiya 2040’ strategiyamizga muvofiq energiya ta’minoti xavfsizligimizni mustahkamlaydigan va yashil transformatsiyamizni jadallashtiradigan ushbu tarixiy kelishuv mamlakatlarimiz uchun xayrli bo‘lishini tilayman."























