Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an «Terrorsiz Turkiya» jarayoni haqida: «Davlatimizning xususiyatlari, millatimizning qadriyatlari, shahidlar yaqinlari va faxriylarimizning nozik jihatlaridan hech qachon voz kechish haqida gap bo‘lishi mumkin emas» - dedi.
Erdo‘g‘an Prezidentlik majmuasida shahidlarning yaqinlari va faxriylarni qabul qildi.
Vatan, millat va bayroq uchun jonini fido qilgan barcha shahidlarni rahmat va minnatdorchilik bilan yodga olgan Erdo‘g‘an, ularning joylari jannatda, maqomlari oliy bo‘lishini tiladi. Faxriylarga Allohdan uzoq va xayrli umr, vafot etganlarga esa rahmat tiladi.
Erdo‘g‘an Turkiyani terror balosidan xalos etish maqsadida olib borayotgan «Terrorsiz Turkiya» jarayonida majlis yoki parlament bu hafta muhim shaxdam qadam tashlaganini yodga solib, mavzu haqida:
«Bo‘linuvchi tashkilot jangarilarining qurolsizlanishini ta’minlaydigan qonun loyihasi 467 nafar deputatning ovozi bilan qabul qilindi. Bir narsani juda aniq bilishingizni istayman. Tashkilotni bu bosqichga olib kelgan narsa — vatan farzandlarining qahramonona kurashi hamda davlatimizning mudofaa sanoatida so‘nggi yillarda erishgan yutuqlaridir. Tashkilot mamlakatimiz ichida va tashqarisida olib borgan qat’iy kurashimiz tufayli bo‘linish kabi maqsadlariga erisha olmasligini anglab yetdi. Na Suriyada, na mamlakatimizda o‘z maqsadlariga erisha olmasligini tan olishga majbur bo‘ldi. Turkiyaning kuch - qudrati va mintaqadagi ta’siri hamma tomonidan kuzatildi. Endi bu jarayon orqali amalga oshirilgan barcha ishlarning, ta’bir joiz bo‘lsa, so‘nggi qadamini tashlamoqdamiz. Buni ham shahidlarimiz ruhini ranjitmasdan, huquq va demokratiya zaminida katta ehtiyotkorlik bilan amalga oshirmoqdamiz» - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Prezident Erdo‘g‘an: «Davlatimizning xususiyatlari, millatimizning qadriyatlari, shahidlarning yaqinlari va faxriylarimizning nozik jihatlaridan hech qachon voz kechish haqida gap bo‘lishi mumkin emas» - deya ta’kidladi.
Prezident Erdo‘g‘an Jandarmiya va Sohil xavfsizligi akademiyasi bitiruv marosimida qilgan nutqida esa «Terrorsiz Turkiya» va «terrorsiz mintaqa» haqidagi ko‘z qarashlarini ro‘yobga chiqarish nihoyatda muhim ekanini ta’kidlab:
«O‘n minglab insonning hayotiga va mamlakatimizning 40 yiliga zomin bo‘lgan bu muammoni davlat va xalq birgalikda, inshaalloh, butunlay hal qilamiz» - dedi.


























