Eron Tashqi Ishlar vazirligi Matbuot xizmati kotibi Ismoil Bag‘ayi: «Eronning qo‘shnilari, xususan, Turkiya bilan munosabatlari istalgan darajadadir» — dedi.
Ismoil Bag‘ayi poytaxt Tehronda o‘tkazgan haftalik matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berdi.
AQSh «iqtisodiy urush» ta’sirini kuchaytirish maqsadida savdo hamkorlariga Eronga qarshi choralar ko‘rish uchun bosim o‘tkazayotgani va bu bosimning ta’sirini oshirish uchun ommaviy axborot vositalaridan ham foydalanayotganini ta’kidlagan Bag‘ayi quyidagilarni qayd etdi:
«Eronning qo‘shnilari, xususan, Turkiya bilan munosabatlari istalgan darajadadir. Ko‘plab masalalarda, ayniqsa Isroil rejimining hukmronlik o‘rnatishga urinishlari borasida umumiy xavotirlarimiz va ko‘z qarashlarimiz mavjud. Diplomatik mexanizmlar AQShning maqsadlariga erishishiga to‘sqinlik qilishga harakat qilmoqda».
«Mintaqa davlatlariga Yaman masalasida haqiqatni ko‘rishni tavsiya qilamiz».
Saudiya Arabistonidagi quvurlarga qarshi uyushtirilgan hujumlar haqidagi savolga ham javob bergan Bag‘ayi, Eron Yamandagi voqealarga aralashmayotganini ta’kidladi.
Bag‘ayi: «Eron Yamandagi masalalarga aralashayotgani yo‘q. Mintaqa davlatlariga Yaman masalasida haqiqatni ko‘rishni tavsiya qilamiz» — dedi.
«Ummon uchrashuvini kechiktirishni Saudiya Arabistoni talab qildi»
Eronlik Matbuot xizmati kotibi, Ummon Tashqi Ishlar vaziri Badr al - Busaydiyning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi masalasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mintaqaviy uchrashuv kechiktirilgani haqidagi bayonotiga munosabat bildirar ekan: «Maskat uchrashuvini kechiktirishni Saudiya Arabistoni talab qildi» — dedi.
Ummon Tashqi Ishlar vaziri kecha Ho‘rmuz bo‘g‘ozi masalasida Eron va arab davlatlari o‘rtasida 14 - sentabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan mintaqaviy uchrashuv kechiktirilganini bildirgan edi.



















