SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Yevropa Ittifoqi: Falastin hududlaridagi Isroil punktlari xalqaro huquqqa zid
Yevropa Ittifoqi yana bir bor ishg'ol qilingan Falastin hududlaridagi Isroil punktlarini xalqaro huquq doirasida noqonuniy deb e'lon qildi.
Yevropa Ittifoqi: Falastin hududlaridagi Isroil punktlari xalqaro huquqqa zid
[ARXIV] Yevropa Ittifoqi 1967-yil iyun oyidan keyin bosib olingan Falastin hududida barpo etilgan Isroil aholi punktlarini noqonuniy deb hisoblaydi. (AP)

Yevropa Ittifoqi ishg‘ol qilingan Falastin hududlaridagi Isroil turar joylarini xalqaro huquqqa ko‘ra yana bir bor noqonuniy deb e’lon qildi. Ittifoq bu punktlarni tinchlik hamda ikki davlatli yechim yo‘lidagi ulkan to‘siq sifatida baholamoqda.

Yevropa Komissiyasi tashqi ishlar voizi Anuar El Anuni sakkizta a’zo davlat, shuningdek, Buyuk Britaniya, Kanada, Islandiya va Norvegiyaning noqonuniy hududlar bilan savdo qilishga milliy cheklovlar joriy etish qarorini e’tiborga olganliklarini bildirdi.

Voizning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqining uzoq muddatli pozitsiyasi qat’iy va o‘zgarmasdir: ya’ni, 1967-yilning iyunidan keyin qurilgan barcha Isroil punktlari noqonuniydir. Shu bois, ushbu hududlardan keltirilgan mahsulotlar Yevropa Ittifoqi va Isroil o‘rtasidagi savdo tizimining imtiyozli tariflaridan foydalana olmaydi.

Ayni paytda Yevropa davlatlari savdo cheklovlarini yanada kuchaytirmoqda. Fransiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Finlyandiya, Irlandiya, Islandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Shvetsiya va Kanada Isroil punktlariga qarshi milliy taqiqlar joriy etish hamda umumyevropa choralarini qo‘llab-quvvatlash rejasini e’lon qildi.

Ushbu davlatlarning qo‘shma bayonotida, bosib olingan G‘arbiy Sohildagi sharoit tez fursatda yomonlashayotgani, ko‘chib kelganlar zo‘ravonligi ortib, noqonuniy punktlar kengayib borayotgani qayd etilgan.

Davlatlar Falastin yerlarini anneksiya qilish yoki aholini majburan ko‘chirishga qaratilgan har qanday harakatga qarshi chiqib, Isroildan fuqarolik ma’muriyati vakolatlarini kengaytirishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Shuningdek, ular zo‘ravonlikka qo‘l urgan shaxslarni va Isroil kuchlari ishtirokidagi hodisalarni qonuniy tergov qilishga chaqirmoqda.

Boshqa tomondan, Yevropa Ittifoqiga nisbatan yanada keskinroq choralar ko‘rish bo‘yicha bosimlar ortmoqda. Bir qator hukumatlar, qonunchilar va fuqarolik jamiyati faollari Yevropa Ittifoqi-Isroil Assotsiatsiya Shartnomasini qayta ko‘rib chiqish yoki butunlay to‘xtatishni talab qilmoqda. Ularning fikricha, blok Isroil bilan iqtisodiy aloqalaridan ushbu noqonuniy kengayishlarga barham berish vositasi o‘laroq foydalanishi kerak.

Biroq, bunday savdo choralari barcha a’zo davlatlarning yakdil roziligisiz amalga oshmaydi, ittifoq ichidagi ichki kelishmovchiliklar esa umumiy to‘xtamga kelishni qiyinlashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqi hozircha punktlardan kelayotgan mahsulotlarga nisbatan umumiy import taqiqini joriy etmagan bo‘lsa-da, ularni imtiyozli savdo doirasidan chiqarib tashlagan va yanada jiddiy choralarni ko‘rib chiqishda davom etmoqda.