Ho‘rmuz global raqamli infratuzilma uchun ham muhim o‘tish nuqtasidir
SIYOSAT
3 daqiqa o'qish
Ho‘rmuz global raqamli infratuzilma uchun ham muhim o‘tish nuqtasidirHo‘rmuz bo‘g‘ozi faqatgina neft tranzit yo‘li sifatida emas, global raqamli infratuzilma uchun ham muhim o‘tish nuqtasidir.
_

Hormuz bo‘g‘ozi AQSh – Isroil tomonidan 28 - fevral kuni Eronga qarshi boshlangan urushdan bir necha kun o‘tib yopilganidan buyon muhim neft tranzit yo‘li sifatida keng tanildi. Biroq bu hudud global raqamli infratuzilma uchun ham muhim o‘tish nuqtasidir. Bo‘g‘oz orqali yoki uning yaqinidan o‘tuvchi suv osti kabellari Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropani bog‘lovchi internet yo‘lining katta qismini ham tashiydi.

Eron o‘tgan hafta Hormuzdagi suv osti kabellari mintaqaning raqamli iqtisodiyoti uchun himoyasiz nuqta ekanidan ogohlantirib, ehtimoliy hujumlar bo‘yicha xavotirlarni oshirdi.

So‘nggi yillarda BAA va Saudiya Arabistoni kabi Fors ko‘rfazi mamlakatlari iqtisodiyotlarini diversifikatsiya qilish uchun sun’iy intellekt va raqamli infratuzilmaga katta sarmoya kiritmoqda. Bu maqsadlar esa katta darajada suv osti kabellariga bog‘liq.

Suv osti kabellari nima va nima uchun muhim?

Xalqaro Telekommunikatsiya ittifoqi ma’lumotiga ko‘ra suv osti kabellari dunyo internet yo‘lagining taxminan 99 foizini tashiydi. Akademik tadqiqotlar ularni zamonaviy internetning asosiy fizik qatlamı sifatida tavsiflaydi, sun’iy yo‘ldoshlar esa cheklangan sig‘imi sabab faqat kichik rol o‘ynaydi.

Bu kabellarda yuzaga keladigan shikastlanishlar internet tezligining pasayishiga, uzilishlarga va iqtisodiy faoliyatning izdan chiqishiga olib kelishi mumkin.

Fors ko‘rfazi mamlakatlari ayniqsa BAA va Saudiya Arabistoni, mintaqaviy mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi milliy sun’iy intellekt kompaniyalarini tashkil etgan bo‘lib, ularning barchasi ma’lumotlarni juda tez uzatish uchun suv osti kabellariga tayanadi.

Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi suvlar Osiyo - Afrika - Yevropa 1 (AAE-1), FALCON tarmog‘i va Ko‘rfaz ko‘prigi xalqaro kabel tizimlariga mezbonlik qiladi. Qo‘shimcha tarmoqlar ham qurilmoqda va Fors ko‘rfazidagi sun’iy intellekt hamda bulut tizimlari shu ulanishlarga bog‘liq.

Xo‘sh, xavflar nimalardan iborat?

Xalqaro kabelni himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra suv osti kabel uzunligi sezilarli darajada oshgan bo‘lsa - da, nosozliklar yiliga taxminan 150 – 200 holat atrofida qolmoqda. Davlat tomonidan qo‘llab - quvvatlangan sabotaj xavfi mavjud ammo nosozliklarning 70 – 80 foizi tasodifiy inson faoliyati natijasida yuzaga keladi; bunga asosan baliqchilik va kema langarlari sabab bo‘ladi. Boshqa xavflar qatoriga dengiz oqimlari, zilzilalar va tayfunlar kiradi. Sanoat bu xavflarga qarshi kabellarni ko‘mish, zirhlash va xavfsiz yo‘nalishlar tanlash orqali kurashadi.

Eronga qarshi urush mintaqaviy infratuzilmada uzilishlarga sabab bo‘ldi, jumladan Bahrayn va BAAdagi Amazon veb xizmati ma’lumot markazlariga yetkazilgan ziyonlar ham qayd etildi. Suv osti kabellari hozircha ziyon ko‘rmagan biroq shikastlangan kemalarning langarlari sudralib, kabellarga tasodifan tegib ketishi xavfi mavjud. Faol harbiy amaliyotlar esa bunday tasodifiy ziyon ehtimolini oshiradi.

Shunga o‘xshash holat 2024 - yilda Qizil dengizda yuz bergan, u yerda husiylar hujumiga uchragan savdo kemasi sudralib ketib, langari bilan kabellarni uzib yuborgan edi.

Cheklangan alternativalar

Mojaro hududlarida shikastlangan kabellarni ta’mirlash alohida murakkablik tug‘diradi. Ta’mirlashning o‘zi uncha qiyin bo‘lmasa - da, ta’mirlovchi kemalar egalari va sug‘urta kompaniyalari qarorlari urush yoki minalar bilan bog‘liq xavflardan ta’sirlanadi. Hududiy suvlarga kirish uchun ruxsat olish ham jarayonni cho‘zadi.

Urush tugagach, soha vakillari dengiz tubini qayta o‘rganib, kabellar uchun xavfsiz joylarni aniqlash zarurati bilan duch kelishi mumkin.

Suv osti kabellariga ziyon yetishi to‘liq uzilishlarga olib kelmasligi mumkin, chunki quruqlikdagi ulanishlar mavjud. Biroq sun’iy yo‘ldosh tizimlari bunday hajmdagi yo‘lak hajmini ko‘tara olmaydi va amaliy muqobil emas. Starlink kabi past orbitadagi tarmoqlar esa hozircha millionlab foydalanuvchilar uchun keng ko‘lamli yechim bo‘la olmaydi.