SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Makron: Fransiya Afrikadagi ta’sir doirasi bo‘yicha Turkiya, Xitoy va AQShdan ortda qolmoqda
Fransiya Prezidentining tan olishicha, rasmiy Parij Afrika qit’asidagi o‘z mavqeyini boy bermoqda va bu borada Turkiya, Xitoy hamda AQSh kabi davlatlardan sezilarli darajada ortda qolmoqda.
Makron: Fransiya Afrikadagi ta’sir doirasi bo‘yicha Turkiya, Xitoy va AQShdan ortda qolmoqda
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Nayrobi shahridagi (Keniya) “Africa Forward” sammiti 2026 da nutq so‘zlamoqda, 2026-yil 12-may. / Reuters

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Afrikada Turkiya, Xitoy va AQSh kabi raqobatchilar qarshisida Fransiyaning o‘z pozitsiyasini yo‘qotganini tan oldi. U bunday muvaffaqiyatsizlikka Fransiya institutlari va kompaniyalarining o‘n yilliklar davomida shakllangan beparvoligi hamda xudbinligini sabab qilib ko‘rsatdi.

"Africa Forward" biznes-forumi yakuniy sessiyasida so‘zlagan Makron, so‘nggi 25 yil ichida Fransiyaning Afrikadagi ta’sir doirasi "torayganini" qayd etdi. U ushbu tendentsiyani "normal" va hattoki qit’a mustaqilligi uchun ijobiy hodisa deb atadi.

Makronning ta’kidlashicha, fransuz kompaniyalari va ma’murlari Afrika davlatlari bilan mavjud tarixiy aloqalarga haddan tashqari tayanib qolgan va natijada jahon bozorida raqobatbardosh bo‘la olmagan. "Ular ma’lum bir 'himoyalangan maydon' bor deb hisoblashgan va fransuz bo‘lishning o‘zi barcha eshiklarni avtomatik ravishda ochadi, degan xomxayolga berilishgan", — dedi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Afrika davlatlari bugungi kunda iqtisodiy jihatdan oqilona tanlov qilib, yanada raqobatbardosh hamkorlarga murojaat qilmoqda. Shu o‘rinda u mintaqada ayniqsa Anqara va Pekinning roli sezilarli darajada ortayotganiga e’tibor qaratdi.

Makron Afrika endi faqat gumanitar yordamga tayanadigan yoki tashqi kuchlar tomonidan belgilangan yechimlarni so‘zsiz qabul qiladigan qit’a emasligini bildirdi. U munosabatlarda "tushunchaviy inqilob" yasashga chaqirib, Fransiyani faqat yordam ko‘rsatishga asoslangan "vertikal mantiq"dan voz kechishga undadi.

Yangi yondashuv tenglik va sheriklikka asoslanishi lozimligini aytgan Makron, Afrika davlatlari bilan "birgalikda sarmoya kiritish, mahsulot ishlab chiqarish va yangi ixtirolar yaratish" strategiyasini ilgari surdi.

Shuningdek, u Afrikaning ulkan iqtisodiy salohiyatiga to‘xtalib, so‘nggi yillarda qit’aning rivojlanish sur’atlari Janubi-sharqiy Osiyo ko‘rsatkichlaridan ham o‘zib ketganini alohida qayd etdi.