Ukraina Maxsus topshiriqli kuchlarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan bayonotda Yamalo - Nenets avtonom okrugida joylashgan Noviy Urengoy va Purovskiy gaz kondensatini qayta ishlash zavodlariga kecha hujum uyushtirilgani bildirildi.
Bayonotda nishonga olingan obyektlarni urish uchun insonsiz havo transportlari 3 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgani va shu tariqa Ukraina armiyasi urush boshlanganidan beri Rossiya obyektlariga qarshi eng uzoq masofali hujumni amalga oshirgani qayd etildi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Ukraina Maxsus topshiriqli kuchlarining bayonotini qayta ulashib: «Ushbu aniq zarba va uzoq masofaga mo‘ljallangan salohiyat uchun minnatdorchilik bildiraman. Rossiyaning urushiga to‘liq asosli va u haqiqatan ham his qiladigan tarzda javob berishimiz muhim. Bunday har bir hujum Rossiyaning diplomatiya uchun zarur qarorlarni kechiktirish imkoniyatini kamaytiradi» - deya ta’kidladi.

















