DUNYO
2 daqiqa o'qish
BMT Bosh kotibi iqlim falokatidan ogohlantirdi: emissiyalar yetarlicha kamaytirilmayapti
Guterrish rivojlangan mamlakatlarni iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga va emissiyalarni qisqartirishni jadallashtirishga chaqirdi.
BMT Bosh kotibi iqlim falokatidan ogohlantirdi: emissiyalar yetarlicha kamaytirilmayapti
Guterres na COP31 pozvao na drastično smanjenje emisija, upozorio na neizbježno prekoračenje granice zagrijavanja / Anadolu Agency (Wire)

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antoniu Guterrish global isishda 1,5 darajalik chegaradan vaqtincha oshib ketish endi muqarrar ekanini bildirib, issiqxona gazlari chiqindilarini zudlik bilan keskin kamaytirishga chaqirdi.

Turkiyaning janubidagi Antaliya shahrida o‘tkazilayotgan COP31 iqlim sammiti doirasidagi matbuot anjumanida Guterrish ushbu chegaradan oshish ko‘lami va davomiyligini cheklash uchun kelgusi bir necha yil davomida global emissiyalarni har yili qariyb 6 foizga kamaytirish zarurligini aytdi.

«1,5 darajalik chegaradan oshib ketish endi muqarrar», — degan Guterrish bu oshish «imkon qadar kichik va imkon qadar qisqa muddatli» bo‘lishi, harorat esa eng qisqa fursatda yana mazkur chegaradan pastga tushirilishi kerakligini ta’kidladi.

Amaldagi milliy iqlim majburiyatlari dunyoni asr oxirigacha qariyb 2,5 darajalik isish sari yetaklayotganidan ogohlantirgan Guterrish bunday yo‘nalishni «falokatga olib boruvchi yo‘l» deb atadi.

Qazilma yoqilg‘ilardan yanada tez, adolatli va tenglik tamoyillariga asoslangan tarzda voz kechishga chaqirgan BMT Bosh kotibi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘sishi qazilma yoqilg‘ilarni ishlab chiqarish va iste’mol qilishning kamayishi bilan birga kechishi kerakligini ta’kidladi.

«Iqlim inqirozini kuchaytirayotgan omil — qazilma yoqilg‘ilardir. Ulardan voz kechmasdan iqlim xavfsizligini ta’minlashning ishonchli yo‘li yo‘q», — dedi Guterrish.

U rivojlangan mamlakatlarni iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga va emissiyalarni qisqartirishni jadallashtirishga chaqirdi. Rivojlanayotgan iqtisodiyotlarni esa qazilma yoqilg‘ilardan qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tishni tezlashtirishga undadi.

Guterrish, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarga, ayniqsa, eng zaif qatlamlarga iqlim inqiroziga moslashish hamda uning oqibatida yuzaga keladigan yo‘qotish va zararlarni yengishda yordam berish zarurligini ta’kidladi.