Kosovo bosh vaziri Albin Kurti Kosovo davlatining barpo etilishidan boshlab barcha bosqichlarda, mamlakatning rivojlanishi, diplomatik va harbiy salohiyatining mustahkamlanishi hamda NATOga a’zo bo‘lish jarayonida Turkiya ko‘rsatgan yordam uchun Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirdi.
Bosh vazir Albin Kurti Birlashgan Millatlar Tashkiloti — BMT 81-Bosh assambleyasi munosabati bilan Nyu-Yorkda Prezident Erdo‘g‘an tomonidan qabul qilingani haqida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
Albin Kurti Kosovo davlatining barpo etilishidagi barcha bosqichlarda, mamlakat taraqqiyoti va diplomatiya sohasida, harbiy salohiyatini mustahkamlashda, mudofaa sanoati asoslarini yaratishda hamda Kosovoning NATOga a’zo bo‘lish jarayonida Turkiya ko‘rsatgan yordam uchun Prezident Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirdi.
Kurti Turkiyaning NATOning Kosovodagi Tinchlik kuchlari — KFOR tarkibidagi ko‘p yillik faoliyati hamda Kosovo xavfsizligi va barqarorligiga qo‘shayotgan muhim hissasi uchun ham Erdo‘g‘anga tashakkur bildirganini aytdi. U KFOR qo‘mondoni sifatida ikki muddat xizmat qilgan general-mayor Ozkan Ulutashning professionalligiga e’tibor qaratdi.
Kurti Turkiya va Kosovo o‘rtasidagi savdo aloqalari tobora mustahkamlanib, kengayib borayotganini, savdo hajmi 1 milliard dollarga yetganini hamda kelajakda bu ko‘rsatkichni yanada oshirish rejalashtirilganini ta’kidladi.
Kosovodagi turk sarmoyalari ko‘payayotganiga e’tibor qaratgan Albin Kurti bunga Kosovo hukumati bilan Turkiya Milliy mudofaa vazirligiga qarashli Mashinasozlik va kimyo sanoati korxonasi — MKE hamkorligida Yakova shahrida qurilayotgan o‘q-dori ishlab chiqarish zavodini misol qilib ko‘rsatdi.
Kurti Erdo‘g‘an bilan uchrashuvida o‘tgan hafta Niderlandiyaning Gaaga shahrida Kosovo ozodlik armiyasining sobiq qo‘mondonlari, Kosovoning sobiq prezidenti Hashim Thachi, Kadri Veseli, Rexhep Selimi va Yakup Krasniqining harbiy jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum etilishi masalasini ham muhokama qilganini bildirdi.
Kosovo bosh vaziri uchrashuvda Serbiyadagi alban jamiyatiga qarshi davom etayotgan tizimli kamsitishlar ham muhokama qilinganini, albanlarning mintaqadagi barcha davlat idoralarida yetarlicha vakillikka ega emasligi masalasi kun tartibiga qo‘yilganini aytdi.
Kurti Kosovo va Turkiya do‘stona munosabatlarni chuqurlashtirish, iqtisodiy hamda savdo aloqalarini kengaytirib, mustahkamlashni davom ettirishini ta’kidladi. U postining yakunida Prezident Erdo‘g‘anni Kosovoga taklif qilganini bildirdi.
,






















